Shumanay tumanida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev Shumanay tumanida aholi turmush sharoitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Dastlab, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi "Begjap" OFY hududidagi yangidan qurilayotgan "Omad Suld" tuzni qayta ishlash korxonasining qurilish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Yangi korxona ishga tushishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha topshiriqlar berilib, aniq vazifalar belgilandi.
Shundan so‘ng "Madaniyat" MFY hududidagi Drayver 24/7 loyihasi asosida ishlanayotgan yoshlar bog‘ining qurilish ishlari bilan tanishdi. Bu yerda yoshlar uchun madaniy dam olish va savdo maskanlari, bayram tadbirlari va konsert dasturlarini o‘tkazish uchun ochiq osmon ostidagi maxsus maydoncha tashkil etilmoqda.
Shuningdek, hurmatli Prezidentimizning 404-sonli qarori bilan 9,4 mlrd. so‘m mablag‘ asosida yangidan qurilgan tuman tibbiyot bo‘limiga qarashli ko‘p tarmoqli poliklinikada yaratilgan sharoitlar, shuningdek ichki ariq-zovurlarni betonlash ishlari ko‘zdan kechirildi.
Tuman markazida tashkil etilgan hunarmandlar savdo shoxobchasi faoliyati ham ko‘zdan o’tkazildi. Tadbirkorlarning o‘z faoliyatini rivojlantirishi uchun yaqindan ko‘maklashish, ularning muammolariga yechim topish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
Tumandagi mavjud muammolarni belgilab olish maqsadida ko‘cha boshilari bilan uchrashuv o‘tkazilib, mahallalardagi yechimini kutayotgan masalalar bo‘yicha fikr almashildi.
Bundan so‘ng tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi berilgan topshiriqlar bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining ijrosi masalalariga bag‘ishlangan majlis o‘tkazildi.







