Partiya iftixori — yurt ravnaqi yo‘lidagi fidoyilarga ehtirom
Nukus shahrida 1-noyabr – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashkil topganining 34-yilligi munosabati bilan partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi tomonidan tantanali bayram tadbir o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari R.Nurazizov qatnashdi.
Shuningdek, partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublika tashkiloti xodimlari, partiya tizimida mehnat qilgan faxriylar va faollar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi rahbari Xalilla Yeshimbetov olib bordi.
Bayram tadbirida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari Radjapbay Nurazizov barcha ishtirokchilarni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashkil topganining 34-yilligi bayrami bilan muborakbod etdi. U o‘z nutqida partiyaning mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish hamda aholi manfaatlarini himoya qilishdagi o‘rni muhim ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, partiyaning ijtimoiy adolat tamoyillariga sodiq holda kam ta’minlangan va ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslari alohida qayd etildi.
Tadbir davomida jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etib, partiya nufuzini oshirishda fidoyilik ko‘rsatib kelayotgan faxriylar, deputatlar va faollar mehnati e’tirof etildi. Shu munosabat bilan, bir qator ishtirokchilarga partiyaning Markaziy Kengashi tomonidan ta’sis etilgan “O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi iftixori” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Bayram tadbiri samimiy muloqot, o‘zaro fikr almashish va birdamlik ruhida, “bir piyola choy” atrofida davom etdi. Ishtirokchilar partiyaning kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan maqsad va vazifalar yuzasidan fikr yuritdilar hamda aholi manfaatlarini himoya qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlar belgilab olindi.
Tadbirda madaniyat bo‘limi san’atkorlari tomonidan ijro etilgan dilrabo kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki ruh va bayramona kayfiyat bag‘ishladi.



