Kasaba uyushmalari kuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
Bugun Nukus shahridagi so’lim maskanlardan birida 11 noyabr - O‘zbekiston Kasaba uyushmalari kuniga bag‘ishlab, bayram tadbiri o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi F.Ermanov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining o‘rinbosari R.Nurazizov ishtirok etib, soha fidoyilarini sana munosabati bilan tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda erkin va farovon hayot, demokratik jamiyat barpo etish yo‘lida olib borilayotgan izchil islohotlar va ularning amaliy natijalarini ta’minlashda kasaba uyushmalarining ham munosib hissasi bor. Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, "Inson qadri uchun" degan ezgu g‘oya asosida hayotga tatbiq etilayotgan yangilanishlarda 120 yillik tarixga ega O‘zbekiston kasaba uyushmalari ham muhim o‘rin egallab kelmoqda.
Bugungi o‘tkazilgan tadbirda kasaba uyushmalarining faoliyati, mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va huquqlarini himoya qilish, aholi turmush farovonligini ta’minlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, bir guruh soha vakillari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi qarori bilan ko‘krak nishonlari, shuningdek, bir qator faollar "O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi" esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
Tadbir san’at va madaniyat xodimlari ijrosidagi konsert dasturi bilan bir piyola choy ustida davom etdi.






