Nukus tumanini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida yangi qurilgan inshootlar foydalanishga topshirildi
Joriy yilning 11 noyabr kuni Nukus tumani suv ta’minoti korxonasining yangi binosi, tuman aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlaydigan Nasos stansiyalari va ichimlik suvi tarmoqlari, shuningdek, zamonaviy laboratoriyaning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan ochilish marosimi o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni tabrikladi.
Ta’kidlash joizki, hurmatli Prezidentimizning maxsus qaroriga asosan, Osiyo taraqqiyot bankining 11,4 mln dollar mablag‘lari asosida qurilish ishlari olib borildi. Shundan, 263 km ichimlik suv tarmoqlari tortilishi orqali 31 mingdan ziyod aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishi yaxshilanishiga erishildi. Shuningdek, "Madaniyat", "Obodon" va "Kerder" nasos stansiyalari, tuman suv ta’minoti korxonasining ikki qavatli yangi binosi, barcha zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan laboratoriya qurib bitkazildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida tuman aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi avvalgi 68,4 foizdan - 90 foizga yetkazilishiga erishildi.
Albatta, yangidan foydalanishga topshirilayotgan ushbu inshootlar tuman aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida uzoq yillar davomida xizmat qiladi.
O‘tkazilgan tadbir davomida ishtirokchilar amalga oshirilgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi.






