Nukus tumanida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev Nukus tumaniga tashrif buyurdi.
Dastlab, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi tuman markazidagi «Aqmanǵıt» posyolka fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tuvchi «Aqmanǵıt» kanali atrofida aholi uchun qulay sharoit yaratish maqsadida 6,6 milliard so‘m mablag‘ asosida 24 soatlik (24/7) rejimda ish olib boradigan maxsus xizmat ko‘rsatish joyi va «Xalq sayili» savdo-ko‘ngilochar markazi qurilishi bilan yaqindan tanishdi.
«Samanbay» ovul fuqarolar yig‘ini hududida yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida yangidan tashkil etilayotgan o‘rdak boqish joylari ko‘zdan kechirildi. Bu yerda jami 40 ta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, o‘rdaklarni ko‘paytirish, tuxum va go‘sht mahsulotlari yetishtirish belgilangan.
Bundan so‘ng fuqarolarning turmush sharoitini yaxshilash borasida hali ham yechimini kutayotgan masalalarni aniqlash va muammolarga yechim topish bo‘yicha tumandagi ko‘cha boshilari, nuroniy-oqsoqollar bilan uchrashuv o‘tkazilib, oldindagi vazifalar belgilab olindi.
O‘rganishlar davomida Nukus tumanida aholi turmush sharoitini yaxshilash, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, davlat dasturlari, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar doirasida belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha majlis o‘tkazilib, kun tartibidagi masalalar tanqidiy muhokama qilindi.




