Taxiatosh tumanida aholi turmush farovonligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev Taxiatosh tumanida aholi turmush sharoitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Dastlab, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi Taxiatosh tumaniga kirish joyida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Shundan so‘ng "Jayxun" MFY hududida Sanoatqurilishbank balansidagi bo‘sh turgan binoda "LEDULTRAENERJI" MCHJning karton ishlab chiqarish loyihasi, "Grinxaus gold" MCHJning In-vitro usulida ko‘chat yetishtirish loyihasi, shuningdek, "Surxon Taxiatosh tekstil" MCHJning tikuv va trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalari ko‘zdan kechirildi. Tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularga yaqindan yordam berish kerakligi ta’kidlandi.
Jo‘qorg‘i Kenges Raisi "Markaziy" MFY hududidagi avariya holatidagi uylarda yashayotgan fuqarolarni ijtimoiy uylarga ko‘chirish ishlari bilan tanishdi. Shuningdek, "Obod makon" MFYdagi ijtimoiy uyda fuqarolar uchun yaratilayotgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
Taxiatosh dehqon bozori yonida yangidan qurilayotgan ko‘p qavatli savdo majmuasi, shuningdek, avtomashinalar uchun maxsus turar joy qurish ishlari ham ko‘rib chiqildi. Amalga oshirilayotgan ishlarni jadallashtirishda tadbirkorga yaqindan ko‘maklashish bo‘yicha vazifalar topshirildi.
"Qusshılıq" mahallasi hududida Xalq banki balansidagi bo‘sh turgan issiqxona xo‘jaligi faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham o‘rganildi. Tuman hududidagi bank balansida bo‘lgan obyektlarni to‘liq quvvatda foydalanishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
Jo‘qorg‘i Kenges Raisi mahallalardagi muammolarni aniqlash va oldindagi vazifalarni belgilab olish maqsadida ko‘cha boshilari va nuroniylar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bundan so‘ng tuman faollari, mutasaddi rahbarlar bilan tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.









