"Yashil makon" aksiyasiga start berildi
Joriy yilning 15 noyabr kuni Nukus shahrida "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida kuzgi daraxt ko‘chatlarini ekish ishlariga start berildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, yurtimiz farovonligini, atrof-muhit tozaligini ta’minlash va yashil hududlarning barpo etilishida butun xalqimiz bilan birga hissa qo‘shishimiz kerakligini ta’kidladi.
Tadbirda Vazirlar Kengashining Raisi F.Ermanov, idora-tashkilot rahbarlari, faol yoshlar, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda hurmatli Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda yashil hududlarni kengaytirish hamda ekologik vaziyatni yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Amalga oshirilayotgan "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida shahar va tumanlarda turli manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekilishi davom ettirilmoqda.
Bu yilgi kuzgi daraxt ekish mavsumida 8 mln. 781 ming dona manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekish, Nukus shahri va tuman markazlaridagi 19 gektar maydonda "Yashil jamoat parklari" tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida ko‘chatxonalarda 10 mln. donadan ortiq manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari yetishtirilmoqda.
Bugungi tadbirda tayyorlangan yer maydonlariga ezgu niyatlar bilan daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.









