Xo‘jayli tumanida aholi turmush sharoitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev Xo‘jayli tumanida aholining turmush sharoitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Dastlab, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi " Sarıshúngil" ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi Tovcha hududiga bordi. Ta’kidlash joizki, ilgari bu yerda 149 ta xonadonda fuqarolar termitdan zarar ko‘rib, yashab kelayotgan edi. Bu muammoning yechimi topilib, deyarli barcha xo‘jaliklar xavfsiz joyga ko‘chirilishi ta’minlandi.
Bundan so‘ng, "Baǵman" MFY hududidagi "Baliq YuK" MCHJ tomonidan yo‘lga qo‘yilgan baliq yetishtirish loyihasi hamda "Qumbiz" MFYdagi "Qirq qiz" MCHJ tomonidan yo‘lga qo‘yilgan tikuvchilik korxonasi ishlari ko‘zdan kechirildi. Tadbirkorlarning o‘z faoliyatini kengaytirishi uchun barcha amaliy yordamlarni ko‘rsatish, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
"Parvoz" MFY hududida yo‘lga qo‘yilgan "Kingsman" xususiy maktabi faoliyati ham o‘rganildi. Umumta’lim muassasalari bilan birga nodavlat maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qilishi va bunday maktablarni yanada ko‘paytirish kerakligi ta’kidlandi.
Jo‘qorg‘i Kenges Raisi "Farruxbek Xojeli" fermer xo‘jaligi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan chorvachilik loyihasi bilan ham yaqindan tanishdi. Yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan bunday loyihalar tashabbuskorlari doimo qo‘llab-quvvatlanishi kerakligi alohida tilga olindi.
Fuqarolarning turmush sharoitini yaxshilash borasida hali ham yechimini kutayotgan masalalarni aniqlash va muammolarga yechim topish bo‘yicha tumandagi ko‘cha boshilari, nuroniylar bilan uchrashuv o‘tkazilib, amalga oshirishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Bundan so‘ng, tuman faollari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.









