Qoraqalpog‘istonda umumiy qiymati 3,5 milliard dollarlik «Modulli intellektual hisoblash markazini qurish bo‘yicha Harakatlar rejasi» imzolandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-oktyabrdagi 189-sonli Farmoni asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farxod Ermanov, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va Xitoy Xalq Respublikasi «Shanghai LinkWise» kompaniyasi raisi Vang Suyxu tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida «Modulli intellektual hisoblash markazini qurish bo‘yicha Harakatlar rejasi» imzolandi.
Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihaning umumiy qiymati 3,5 milliard AQSH dollari bo‘lib, u ikki bosqichda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda 700 million dollar investitsiya kiritilib, qurilish ishlari 2026-yilda boshlanishi ko‘zda tutilgan.
Ikkinchi bosqich kelgusi uch yilga mo‘ljallangan bo‘lib, 2,8 milliard dollargacha qo‘shimcha investitsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Ikkinchi bosqich yakunlangach, hisoblash majmuasining umumiy quvvati 300 MVt IT-yuklamaga yetadi. Bu esa uni mintaqadagi eng yirik majmualardan biriga aylantiradi.
Yana bir muhim jihati, ushbu loyihaning qurilishi, ishga tushirilishi va xizmat ko‘rsatish bosqichlarida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.
Uning amalga oshirilishi yuqori malakali IT-mutaxassislar, muhandislar va tadqiqotchilarni tayyorlash va ularni jalb qilish, shuningdek, mintaqaviy ta’lim infratuzilmasini rivojlantirish uchun rag‘batlantiruvchi omil bo‘ladi.
Respublikamiz uchun ushbu loyiha Markaziy Osiyoning raqamli iqtisodiy markazini shakllantirish, texnologik mustaqillikni oshirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi qadam sifatida muhim ahamiyatga ega.
Ta’kidlash joizki, loyihani birgalikda amalga oshiradigan «Shanghai LinkWise» kompaniyasi Xitoydagi sun’iy intellekt, keng o‘lchamli ma’lumotlar va superkompyuter tizimlari yechimlariga ixtisoslashgan yuqori texnologik kompaniya hisoblanadi.
Ushbu kompaniya Xitoy texnologik ekotizimining yetakchilaridan biri bo‘lib, mamlakatning strategik tashabbuslarida, jumladan, Lingang erkin savdo zonasini rivojlantirish va «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasidagi loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etib kelmoqda.
Respublikamizdagi loyiha Xitoy, Meksika, Malayziya, BAA va AQSHda amalga oshirilayotgan «LinkWise» xalqaro tashabbuslarining davomidir.







Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Axborot xizmati