Respublika xotin-qizlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
Bugun Nukus shahrida xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, tadbirkorlik va hunarmandchilikdagi ishtirokiga bag‘ishlangan “Xotin-qizlar uchun cheksiz imkoniyatlar: Qoraqalpog‘iston tajribasi” mavzusida respublika konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbaev va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etib, hurmatli Prezidentimiz rahbarligida yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish va yaratilgan imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
So‘nggi 3 yilda 1,400 dan ortiq xotin-qizlar doimiy turar joy bilan ta’minlandi, ”Ayollar daftari” dasturi doirasida 193 mingdan ortiq xotin-qizlarga jami 292 milliard so‘mlik amaliy yordam ko‘rsatildi, ijtimoiy himoyaga muhtoj 450 dan ortiq talaba-xotin-qizlarga jami 3,5 milliard so‘mlik shartnoma pullari to‘lab berildi.
Iqtisodiy faollik va tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan respublika konferensiyasida 300 nafar faol xotin-qizlar va Toshkent shahridan mutasadilar ishtirok etdi.
Tadbir davomida xotin-qizlarning tadbirkorlik va hunarmandchilik mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi, bu orqali ularning professional salohiyati va mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlari keng jamoatchilik e’tiboriga taqdim qilindi.
Konferensiya davomida xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik va hunarmandlikni qo‘llab-quvvatlash, malaka va salohiyatni oshirish hamda yangi imkoniyatlar yaratish masalalari muhokama qilindi.





