Orol dengizining qurigan tubida ilmiy-tadqiqot stansiyasi ochildi
Bugun Orol dengizining qurigan tubida tashkil etilgan ilmiy-tadqiqot stansiyasi ochildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orınbaev, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri I.Abdurahmonov va Innovatsion rivojlanish agentligi direktori A.Norov ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, hurmatli Prezidentimiz rahbarligida Orolbo‘yi hududida aholi turmush darajasini yaxshilash, ekologik barqarorlikni ta’minlash va mahalliy ekotizimni tiklashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
2022 yilda Hurmatli Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida Orolbo‘yida ekologik va ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda mavjud muammolarga samarali yechim topish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan edi. Shu asosda o‘tgan yillar davomida umumiy qiymati 15,7 milliard so‘mlik 17 ta loyiha moliyalashtirilib, joriy yilda 57,1 milliard so‘mlik 21 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Shunday loyihalar qatorida foydalanishga topshirilgan stansiya ekologik tiklash ishlarini samarali nazorat qilish, sho‘rga chidamli o‘simliklar o‘sishini kuzatish va samarali ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishda muhim hisoblanadi.
Yangi ilmiy-tadqiqot stansiyasi nafaqat tabiatni muhofaza qilish, balki mintaqadagi ilmiy tadqiqotlar va ekologik izlanishlar uchun markaz sifatida xizmat qiladi va Orolbo‘yi hududining barqaror rivojlanishiga munosib hissa qo‘shadi.





