Xalqaro nogironligi bo‘lgan shaxslar kuni belgilandi
Bugun poytaxtimiz Nukus shahrida 3-dekabr – Xalqaro nogironligi bo‘lgan shaxslar kuni munosabati bilan sovg‘alarni topshirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida xalqimiz, jumladan, ijtimoiy yordamga muhtoj, nogironligi bo‘lgan insonlarga amaliy yordam ko‘rsatish va ularni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda davlatimiz rahbari tomonidan “Inson qadri uchun” hamda “Hech bir inson e’tibor va mehrdan chetda qolmasligi kerak!” degan ezgu g‘oya ostida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Imkoniyati cheklangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, turmush darajasini yaxshilash, zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.
Albatta, bunday tadbirlarni amalga oshirishda maxsus bog‘chalar, maktab-internatlari va “Muruvvat” uylari muhim o‘rin tutmoqda.
Eng muhimi, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qabul qilinayotgan farmon va qarorlar bu boradagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga ko‘tarmoqda.
Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlaydigan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi, shuningdek, joriy yil boshidan buyon 7 706 nafar fuqaroga 10 milliard so‘mlik protez-ortopediya va reabilitatsiya texnik vositalari berildi, reabilitatsiya markazlarida 1 300 nafardan ortiq fuqaroning salomatligi tiklandi.
Shu bilan birga, keksa va nogironligi bo‘lgan 3 mingdan ziyod fuqarolarga sanatoriylarga yo‘llanmalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga olgan 1033 ta korxonaga esa 9 milliard 525 million so‘mlik soliq imtiyozi berildi, shuningdek, 6 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar ishga joylashtirildi.
Joriy yildan boshlab barcha yangi qurilayotgan maktablar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirildi, shahar va tumanlardagi 13,5 km uzunlikdagi ko‘chalar nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin harakatlanishi uchun moslashtirilmoqda.
Bundan tashqari, bugungi kunda 25 ta sport markazida tashkil etilgan 15 ta sport to‘garagida 600 nafardan ortiq para-sportchilar muntazam shug‘ullanib kelmoqda.
Alohida ta’kidlash joiz, nogironligi bo‘lgan bolalarni jamiyatga moslastirish hamda salomatligini tiklash maqsadida 41 ta joyda tashkil etilgan “Kunduzgi parvarish xizmati”ga 273 nafar bola qamrab olindi.
Muhimi, nogironligi bo‘lgan shaxslar doimo e’tiborda bo‘lganligi sababli ular turli sohalarda samarali mehnat qilib, yurtimiz ravnaqiga o‘zlarining salmoqli hissalarini qo‘shib kelmoqda.
Tadbir doirasida bugungi sana munosabati bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarga sovg‘alar topshirildi.
San’atkorlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning birgalikda ijrosidagi inklyuziv konsert dasturi ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.











