Jo‘qorg‘i Kenges Raisi eng chekka hududlardan biri bo‘lgan Chuqurqoq qishlog‘i aholisi bilan uchrashdi
Joriy yilning 3-dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev Nukus shahridan qariyb 230 km uzoqlikda joylashgan Ellikqal’a tumanining Chuqurqoq qishlog‘iga bordi va aholi bilan uchrashib, yaqindan suhbatlashdi.
Unda dastlab, so‘nggi yillarda yurtimizda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida xalqimizning turmush farovonligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ezgu ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Bundan so‘ng, hudud aholisining muammolari tinglandi. Asosan, qishloq aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, kam ta’minlangan oilalar uylarini shiferlab berish, tuman markaziga boruvchi transport qatnovini tiklash, Suvni filtrdan o‘tkazuvchi EKOS faoliyatini yaxshilash kabi masalalar ko‘tarildi.
Barcha bildirilgan murojaatlarga ijobiy yechim topish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
Bundan so‘ng, "Yashil makon" aksiyasi bilan davom etayotgan kuzgi daraxt ekish ishlari doirasida yaxshi niyatlar bilan maktab oldiga daraxt ko‘chatlari ekildi.
Jo‘qorg‘i Kenges Raisi qishloq vrachlik punkti, shuningdek, bolalar bog‘chasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Qishloq aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi suvni filtrdan o‘tkazuvchi EKOS holati ham ko‘zdan kechirilib, yuzaga kelgan muammoni hal qilib berish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.











