O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi keng nishonlandi
Joriy yilning 6 dekabr kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan sanaga bag‘ishlangan bayram tantanasi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev yig‘ilganlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan samimiy tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, bu yilgi bayram ko’tarinki ruhda barcha joylarda keng nishonlanmoqda.
Bosh Qomusimiz asosida xalqimiz yurtimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilish bilan birga, baxtli va farovon kelajak sari mustahkam ishonch bilan qadam qo‘ymoqda. Konstitutsiyamiz yaratib bergan imkoniyatlar asosida xalqimiz ertangi farovon hayot yo‘lida qator yutuqlarga, iqtisodiyotimizning barcha sohalarida ijobiy natijalarga erishmoqda.
Bugungi o‘tkazilgan bayram tantanasida ana shunday amalga oshirilayotgan ezgu ishlar keng e’tirof etildi.
Bundan so‘ng bayram tantanasi qatorida xalqimizga o‘rnak bo‘layotgan "Eng namunali ko‘cha boshilari" tanlovi g‘oliblari munosib rag‘batlantirilib, har biri 20 million so‘mlik vaucher bilan taqdirlandi.
Bayram tadbiri san’at va madaniyat xodimlari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.













