Sportning Qo‘l jangi turi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining kubogi bellashuvlari bo‘lib o‘tdi
Bugungi kunda yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularni jismonan chiniqqan komil inson etib tarbiyalashga, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Joriy yilning 5-6-dekabr kunlari Nukus shahridagi 1-sonli sport maktabida (Manej) huquq-tartibot idoralari xodimlari hamda Qo‘l jangi federatsiyasidan o‘zida 100 dan ortiq sportchilarni qamrab olgan Qo‘l jangi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining kubogi bellashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Bugungi o‘tkazilgan final bellashuvlari ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev so‘zga chiqib, ishtirokchilarga omad tiladi.
Qizg‘in raqobatga boy tarzda o‘tkazilgan musobaqada sportchilar o‘zlarining mahoratini va har tomonlama chiniqqanligini, o‘zlarining kuchli tayyorgarliklar bilan kelganligini ko‘rsata oldi.
Keskin bellashuvlar bilan o‘tgan musobaqa yakunida o‘z vazn toifasi bo‘yicha g‘oliblar qatoridan joy olgan bir qator yoshlarga medal va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Shuningdek, g‘oliblar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining kubogi bilan taqdirlandi.





