Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining sakkizinchi sessiyasi to‘g‘risida axborot
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining sakkizinchi sessiyasi to‘g‘risida axborot

Joriy yilning 12 dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining sakkizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Hukumat a’zolari, Respublika soha rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari ishtirok etdi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat madhiyalari yangradi.
Sessiyani Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev kirish so‘zi bilan ochdi va boshqarib bordi.
Sessiya "Qoraqalpog‘iston" telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda yoritib borildi.

Sessiyada dastlab, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi hurmatli Prezidentimizning tashabbusi va qo‘llab-quvvatlashi bilan va Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Shavkatovnaning amaliy sa’y-harakatlari natijasida milliy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan "Qo‘biz yasash va jirovchilik san’ati" va milliy merosimizning sara namunasi bo‘lgan "Qora uy" YUNESKOning nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritilganini butun xalqimiz katta quvonch va g‘urur bilan kutib olganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdi. Shuningdek, ushbu quvonchli voqea munosabati bilan butun xalqimizni yana bir bor tabrikladi.
Bundan so‘ng, sessiya kun tartibidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
Dastlabki masala "Reklama to‘g‘risida"gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonunining loyihasi haqida bo‘lib, bu masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesning Byudjet, iqtisodiy islohotlar, investitsiyalar va innovatsiya masalalari qo‘mitasi raisi Berdibek Seytnazarov so’zga chiqdi.

Sessiya kun tartibidagi dastlabki masala yuzasidan qaror qabul qilindi.
Kun tartibidagi keyingi masala "Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida"gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonunining loyihasi haqida bo‘lib, bu masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesning Agrar, suv xo‘jaligi, tabiatni muhofaza qilish va ekologiya masalalari qo‘mitasi raisi Anuarbek Jumanazarov so’zga chiqdi.
.jpg)
Bu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Sessiya kun tartibidagi keyingi masala shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonuni va tegishli hukumat qarori talablarining bajarilishi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida bo‘lib, bu masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesning qo‘mita raisi Islambek Sdikov so’zga chiqdi.
.jpg)
Ushbu masala deputatlar tomonidan ko‘rib chiqildi va qaror qabul qilindi.
Bundan so‘ng, Jo‘qorg‘i Kengesning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Alisher Atajanov Kadastr agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasiga jismoniy va yuridik shaxslarning yer uchastkalaridan noqonuniy foydalanish hamda xodimlar o‘rtasida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ishlar yuzasidan parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masala yuzasidan so’zga chiqdi.
.jpg)
Bu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Kun tartibidagi masalalar qatorida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Byudjet, iqtisodiy islohotlar, investitsiyalar va innovatsiya masalalari qo‘mitasi tomonidan qilinayotgan ishlar haqida Jo‘qorg‘i Kengesning Byudjet, iqtisodiy islohotlar, investitsiyalar va innovatsiya masalalari qo‘mitasining axboroti to‘g‘risidagi masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesning qo‘mita raisi Berdibek Seytnazarov so’zga chiqdi va bu masala ham to‘liq ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Navbatdagi masala yuzasidan sessiyada 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2025 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining axboroti to‘g‘risida masala yuzasidan Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Maryam Axmedova so’zga chiqdi va ushbu masala ham deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilindi.

Bundan so‘ng kun tartibidagi navbatdagi masala bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 5 avgustdagi O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga va ularda qurilgan imoratlarga bo‘lgan huquqlarni tan olish to‘g‘risidagi 937 sonli Qonunining Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijro etilishi holati haqida Kadastr agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Isatay Tleuovning hisoboti tinglandi.
.jpg)
Bu masala ham batafsil ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilindi.
Sessiya kun tartibida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi e’tirof etilayotgan fuqarolar ro‘yxatini sessiya qarori bilan tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasining maxsus Qonunini qo‘llab-quvvatlab, vakolatli organlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar hamda ma’lumotlar bo‘yicha, shuningdek, Adliya vazirligining huquqlarni tan olish asosliligi to‘g‘risidagi xulosalari inobatga olinib, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi tan olinayotgan 1 ming 172 nafar fuqaroning ro‘yxati sessiya qarori bilan tasdiqlandi.

Sessiya kun tartibida "Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi raisini saylash to‘g‘risida"gi masala ko‘rib chiqildi.
Eshimbetov Mahmud Urazboevich Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining raisi lavozimiga saylandi.
.jpg)
Sessiya majlisining kun tartibidagi keyingi masala Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumining tegishli qarorlarini tasdiqlash haqida bo‘lib, bu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi.
Bundan so‘ng deputatlar tomonidan maxsus qaror qabul qilindi.
Shuning bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining sakkizinchi sessiyasi o‘z ishini yakunladi.
