Dehlida Qoraqalpog‘istonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Hindistonning yetakchi savdo-sanoat palatalaridan biri – «PHD Chamber of Commerce and Industry» (PHD CCI) maydonida O‘zbekiston elchixonasi tomonidan mamlakatimizning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Hindistonning 20 dan ortiq yetakchi kompaniyalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi hamda hind ishbilarmon doiralarining mamlakatimiz bozoriga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganidan dalolat berdi.
Taqdimot davomida diplomatik missiya vakillari va Nukusdan kelgan ekspertlar hindistonlik sheriklarni O‘zbekistonda xorijiy investitsiyalar uchun qulay muhit yaratayotgan izchil islohotlar bilan atroflicha tanishtirdi.
Muhokamalarning markaziy mavzusi Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun taqdim etilayotgan noyob imkoniyatlar bo‘ldi.
Hindiston biznes hamjamiyati vakillariga Qoraqalpog‘istonda xorijlik investorlar foydalanishi mumkin bo‘lgan asosiy afzalliklar haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, hurmatli Prezidentimiz tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun yaratilgan imkoniyatlar, qo‘shimcha soliq va bojxona imtiyozlarini nazarda tutuvchi maxsus huquqiy rejim, tayyor infratuzilmaga ega maxsus iqtisodiy zonalar va sanoat parklarida korxonalar tashkil etish imkoniyatlari, yer ijarasining imtiyozli shartlari hamda loyihalarni davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jumladan, investitsiyalarni himoya qilish kafolatlari haqida so‘z yuritildi.
Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun istiqbolli yo‘nalishlar sifatida to‘qimachilik sanoati, farmatsevtika va tibbiyot uskunalari ishlab chiqarish, axborot texnologiyalari va autsorsing, kimyo sanoati, «yashil» energetika hamda turizm sohalari belgilab olindi.
.jpg)
.jpg)
.jpg)