«Qoraboy» kino komediyasining premyerasi o‘tkazildi

Bugun Qoraqalpog‘iston san’at saroyida «Qoraqalpoqfilm» davlat unitar korxonasi tomonidan suratga olingan «Qoraboy» komediya filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev ishtirok etdi.
O‘tkazilgan tadbirda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalar qatori, madaniyat va san’at sohasini qo‘llab-quvvatlash, kino sohasini rivojlantirish borasida ham ko‘plab ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yurtimiz tarixi, adabiyotiga oid, davr qahramonlariga bag‘ishlangan qator filmlar suratga olinmoqda.
Shuningdek, qariyb 6,5 mlrd. so‘m mablag‘ hisobidan «Qoraqalpoqfilm» kinostudiyasi binosida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilib, zarur texnika va inventarlar bilan ta’minlandi. Bundan tashqari, ushbu san’at saroyida 4 mlrd. so‘m mablag‘ hisobidan zamonaviy kinozal tashkil etildi.
Ana shunday yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida kino sohasini rivojlantirish borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Premyerasi o‘tkazilayotgan filmning xalqimiz nazariga havola etilishi ham kino sohasiga qaratilayotgan e’tiborning natijasi desak yanglishmagan bo‘lamiz. Albatta, kinoijodkorlar tomonidan xalqimiz qalbidan joy oladigan yana ko‘plab filmlar yaratiladi.

.jpg)
.jpg)

.jpg)
.jpg)