Qoraqalpog‘istonning iqtisodiyotini mustahkamlashga xizmat qiluvchi yana bir korxona ish boshladi

Bugun Nukus shahrida yangidan ishga tushirilgan «Osten Technologies» korxonasining ochilish marosimi o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev, nuroniy-oqsoqollar, faol xotin-qizlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Jo‘qorg‘i Kenges Raisi korxona ochilishi munosabati bilan yig‘ilganlarni tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda xalqimizning farovon hayotini ta’minlash bilan bog‘liq ko‘plab obyektlar foydalanishga topshirilmoqda. Hurmatli Prezidentimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan bunday ezgu ishlarga salmoqli hissa qo‘shayotgan tadbirkorlarimizga yangidan-yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.
Ezgu maqsadlar yo‘lida ishga tushirilayotgan korxonalar iqtisodiyotimiz barqarorligini ta’minlash bilan birga, aholi daromadlarini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim o‘rin tutmoqda.
Yangidan ishga tushirilgan «Osten Technologies» korxonasining ochilishi ham ana shu yo‘nalishdagi chora-tadbirlardan biridir. Loyiha qiymati 23,5 mln. dollar bo‘lgan ushbu korxonaning to‘liq quvvatda ishga tushishi bilan yiliga 640 ming metr radiator mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi va yaratilgan ish o‘rinlari soni 300 taga yetkaziladi.
Albatta, ishga tushirilayotgan ushbu korxona hali uzoq yillar xalqimiz manfaati uchun xizmat qiladi.
Tadbir davomida mehmonlar korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi.




.jpg)



