Qoraqalpog‘iston tarixida muhim voqealarga boy yangi sahifalar yaratilmoqda

O‘tib borayotgan yil Qoraqalpog‘iston uchun chin ma’noda barakali yil bo‘ldi desak adashmagan bo‘lamiz. Chunki, bu qisqa vaqt ichida hurmatli Prezidentimiz rahbarligida avval hayotga tatbiq etilgan hujjatlar qatorida bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Buning natijasida mintaqamiz uchun berilgan imtiyozlar soni yanada oshdi. Bundan tashqari, respublikamiz hayotida ko‘plab tarixiy voqealar yuz berdi.
Ana shunday amalga oshirilgan ezgu ishlar qatorida Yangi yil bayrami arafasida bugun Nukus shahri hududida sanoatimizni rivojlantirishda va iqtisodiyotimizni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadigan «Karakalpak bazaltwool» korxonasining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni korxonaning to‘liq ishga tushishi munosabati bilan tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yurtimiz iqtisodiyotining barcha sohalarida yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar har bir insonda g‘urur va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otmoqda.
Umumiy qiymati 50 mln. dollar bo‘lgan ushbu yangi korxonaning ishga tushishi bilan yiliga 40 ming tonnagacha mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Shuningdek, 200 nafarga yaqin fuqaroni doimiy ish bilan ta’minlash imkoniyati yaratilmoqda.
Yana bir muhim jihati, korxona tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar, nafaqat ichki bozorlarga, balki eksportga ham yo‘naltirilib, yurtimizga valyuta tushumini ta’minlashga ham xizmat qiladi.
O‘tkazilgan tadbir davomida nuroniy-oqsoqollar, faol xotin-qizlar va keng jamoatchilik vakillaridan iborat mehmonlar korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
.jpg)
.jpg)

.jpg)
.jpg)
.jpg)

