Kurash mahorati maktabi foydalanishga topshirildi

So‘nggi yillarda hurmatli Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga bo‘lgan alohida e’tibori natijasida xalqimiz farovonligi yo‘lida yurtimizda keng ko‘lamli tadbirlar olib borilib, respublikamiz hayotida ko‘plab yangiliklar yuz bermoqda.
Ana shunday quvonchli voqealardan biri sifatida Yangi yil bayrami arafasida bugun Nukus shahrida Kurash mahorati maktabining ochilish marosimi o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev so‘zga chiqib, Prezidentimiz topshirig‘i bilan qurilgan yangi obyekt foydalanishga topshirilishi munosabati bilan yig‘ilganlarni tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga, yoshlarni sportga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ana shunday amaliy ishlar qatorida 16 mlrd. so‘m mablag‘ asosida kurash mahorati maktabi yangidan qurib bitkazildi va zarur inventarlar bilan to‘liq ta’minlandi. Shu asosda 150 nafardan ziyod yoshlar uchun sportning milliy kurash, erkin kurash va yunon-rum kurashlari bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi.
Albatta, yangidan foydalanishga topshirilgan ushbu obyekt uzoq yillar davomida xalqimizga xizmat qiladi va bu yerdan yurtimiz bayrog‘ini dunyoga tanitadigan ko‘plab yoshlarimiz yetishib chiqadi.


.jpg)
.jpg)




