Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining to‘qqizinchi sessiyasi to‘g‘risida axborot
.jpg)
Joriy yilning 29 dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining to‘qqizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Hukumat a’zolari, Respublika soha rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari ishtirok etdi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat madhiyalari yangradi.
Sessiyani Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev kirish so‘zi bilan ochdi va boshqarib bordi.
Sessiya "Qoraqalpog‘iston" telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda yoritib borildi.
Sessiyada dastlab, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi so‘nggi yillarda hurmatli Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga bo‘lgan alohida e’tibori bilan amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlariga keng turda to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, yakunlanayotgan 2025 yilda barcha sohalarda yangilanish va o‘zgarishlar sodir bo‘lib, shahar va tumanlarimizda, hatto eng chekka hududlarda ham keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Albatta, bunda hurmatli Prezidentimiz tomonidan faqat Qoraqalpog‘iston uchun qabul qilingan 25 dan ortiq farmon va qarorlari muhim o‘rin tutadi.
Sessiyada shunday yaratib berilgan imkoniyatlar asosida yangidan ishga tushgan korxonalar, amalga oshirilgan loyihalar haqida keng turda so‘z yuritildi.
Shuningdek, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi shunday keng imkoniyatlarning yaratib berilishi orqali kelgusi 2026 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor maqsadlarga erishish bo‘yicha aniq rejalar belgilab olinganligini ta’kidladi.
Sessiya kun tartibidagi dastlabki masala, Qoraqalpog‘iston Respublikasining 2026 yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash to‘g‘risida bo‘lib, bu masala bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari M.Bekchanov so’zga chiqdi.
Hurmatli Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar va hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar natijasida 2025-yil yakuni bilan, Yalpi hududiy mahsulot hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 105,9 foizga o‘sishi kutilmoqda. Joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi mahalliy byudjeti daromadlari 100,1 foizga bajarilishi kutilmoqda.
Sessiyada makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.
2026 yilda yalpi hududiy mahsulot hajmining o‘sish sur’atini o‘tgan davrga nisbatan 6,2 foizga, 2030 yilga borib 6,0 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi hisob palatasi yetakchi inspektori E.Saparov so’zga chiqdi.
Kun tartibidagi masala to‘liq ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan tegishli qaror qabul qilindi.
Sessiya kun tartibidagi keyingi masala "Raqobat to‘g‘risida"gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonunining loyihasi haqida bo‘lib, bu masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesning Byudjet, iqtisodiy islohotlar, investitsiyalar va innovatsiya masalalari qo‘mitasi raisi B.Seytnazarov so’zga chiqdi.
Bu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Kun tartibidagi keyingi masala "Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida"gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonunining loyihasi haqida bo‘lib, bu masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesning Ijtimoiy-madaniy rivojlanish, yoshlar siyosati va jamoat birlashmalari masalalari qo‘mitasi raisi M.Atamuratov so’zga chiqdi.
Mazkur masala yuzasidan deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Sessiya kun tartibida "Qoraqalpog‘iston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonunining loyihasi to‘g‘risidagi masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesning Sud-huquq masalalari va Korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi A.Atajanov so’zga chiqdi.
Bu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Sessiyada "Kambag‘allikdan farovonlikka qarab" dasturi asosida belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga yuborilgan Parlament so‘rovi natijasi to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Mazkur masala yuzasidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Q.Azerbayev ma’ruza qildi va batafsil ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi umumiy foydalanishdagi avtomobil va ichki yo‘llarni hamda ko‘priklarni ta’mirlash yo‘nalishida olib borilayotgan chora-tadbirlarning borishi bo‘yicha Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesning Sanoat, qurilish, transport va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi I.Sdikov so’zga chiqdi.
Bu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala doirasida tijorat banklarida dasturlar doirasida kredit mablag‘lari ajratilishida hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini, shuningdek xodimlar o‘rtasida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ishlar bo‘yicha Markaziy bank Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bosh boshqarmasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Bu masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesning qo‘mita raisi B.Seytnazarov so’zga chiqdi va masala ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Sessiya kun tartibida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi e’tirof etilayotgan fuqarolar ro‘yxatini sessiya qarori bilan tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasining maxsus Qonunini qo‘llab, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi e’tirof etilayotgan 385 nafar fuqaroning ro‘yxati sessiya qarori bilan tasdiqlandi.
Sessiya kun tartibida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsion nazorat qo‘mitasi raisini saylash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Paraxat Aytniyazov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsion nazorat qo‘mitasi raisi lavozimiga qayta saylandi.
Sessiya majlisining kun tartibidagi keyingi masala Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumining tegishli qarorlarini tasdiqlash haqida bo‘lib, bu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi.
Bundan so‘ng deputatlar tomonidan maxsus qaror qabul qilindi.
Shu bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining to‘qqizinchi sessiyasi o‘z ishini yakunladi.

.jpg)
.jpg)

.jpg)
.jpg)

.jpg)
.jpg)