XALQIMIZGA YANGI YIL TABRIGI
Qadrli vatandoshlar!
Aziz do‘stlar!
Sizlarni ko‘p millatli xalqimiz qalbiga alohida quvonch, ilhom, umid va ishonch bag‘ishlab, barchani yanada ulkan bunyodkorlik ishlariga ruhlantirayotgan qutlug‘ ayyom - Yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Xalqimizning fidokorona mehnatlari va Hurmatli Prezidentimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan 2025 yil Qoraqalpog‘iston uchun muvaffaqiyatlarga boy, unutilmas tarixiy voqealarga boy va barakali yil bo‘ldi, deb ishonch bilan ayta olamiz.
Ayniqsa, ko‘p millatli xalqimiz katta xursandchilik bilan kutib olgan tarixiy voqea - milliy meroslarimizning sara namunalari bo‘lgan "Qo‘biz yasash va ijrochilik san’ati" hamda Qora uyimiz YUNESKOning nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish ro‘yxatiga kiritilgani xalqimizda g‘urur-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi.
Shuningdek, ortda qolayotgan yilda xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qiladigan yangi loyihalarning amalga oshirilgani yurtimizga chinakam yangilanish nafasini olib kelib, xalqimizni hayotdan rozi qilishga mustahkam asos bo‘lmoqda.
Xususan, "ACWA Power" kompaniyasi tomonidan Qo‘ng‘irot, Qorao‘zak va Beruniy tumanlarida quvvati 7,2 ming mega-vattlik bahosi 8 mlrd. 600 mln. dollar bo‘lgan gigant shamol elektr stansiyalarining qurilish ishlari boshlangani, shundan Qorao‘zak tumanida 16 shamol turbina generatori qurilib, ishga tushirilgani - xalqimizning va iqtisodiy tarmoqlarning energiya resurslariga bo‘lgan talabini yaxshilashda muhim o‘rin tutadigan, ilgari bo‘lmagan tarixiy voqealar qatoriga kiradi.
Shu bilan birga, barcha davlat dasturlari doirasida jami 900 dan ortiq obyektda qariyb 4 trln. so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Nukus shahridagi suv tozalash inshootida olib borilgan 86,6 mlrd. so‘mlik rekonstruksiya ishlari natijasida quvvati sutkasiga 60 ming kub metrdan 95 ming kub metrga yetkazilgan bo‘lsa, Nukus tumanida 263 km ichimlik suv tarmoqlari va inshootlarida 11,4 mln. dollarlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlash darajasi 68,4 foizdan 90 foizga yetkazildi.
Bundan tashqari, Bo‘zatov tumanida yiliga 6 ming nafar fuqaro dam olish va sog‘lomlashtirish imkoniyatiga ega bo‘lgan zamonaviy sanatoriy foydalanishga topshirilganini, Nukus shahrida Gimnastika markazi va Kurash mahorati maktabi yangidan barpo etilganini, barcha sharoitlarga ega O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filialining yangi o‘quv binosi hamda bir vaqtning o‘zida 1200 nafar abituriyent test sinovlarini topshirish imkoniyatiga ega davlat "Test markazi" qurib bitkazilganini xalqimiz alohida quvonch va g‘urur bilan tilga olmoqda.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda, tadbirkorlarga yaratilgan keng imkoniyatlar natijasida 2025-yili investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 8 trln. 300 mlrd. so‘mlik 591 korxona ishga tushirilib,
12 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Jumladan, Nukus shahrida isitish radiatorlari, ip-kalava va bazalt mineralidan issiqlik saqlovchi materiallar ishlab chiqarish, Kegeyli tumanida LDSP mahsulotlarini, Mo‘ynoq va Qo‘ng‘irot tumanlarida tuz ishlab chiqarish va tuzni qayta ishlash, Xo‘jayli tumanida charm poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish va baliqchilikni rivojlantirish, Taxtako‘pir tumanida ko‘p tarmoqli chorvachilik, sut, jun va un mahsulotlarini qayta ishlash korxonalarining ishga tushirilishi iqtisodiyotimizni mustahkamlashda va xalqimizning farovon turmushini ta’minlashda alohida o‘rin tutadigan ezgu ishlardan hisoblanadi.
Qolaversa, turizmni rivojlantirish yo‘nalishida Nukus shahrida xalqaro brend ostida "Ramada" mehmonxonasi ish boshlagan bo‘lsa, Taxtako‘pir tumanida ko‘p millatli xalqimizning milliyligini o‘zida mujassam etgan "Tax-tepa" etno-ovuli foydalanishga topshirildi, shuningdek, "Nukus - Aqtau" avia qatnovi va "Nukus - Urganch" poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi, bundan tashqari, bugungi kunda Nukus shahrida narxi
78 mln. dollarlik zamonaviy 5 yulduzli mehmonxona, Kongress-xoll majmuasi va 22 qavatli 2 ta turar joy qurilmoqda.
Albatta, bunday ezgu ishlarni amalga oshirishda o‘tgan qisqa davr mobaynida birgina Qoraqalpog‘iston uchun qabul qilingan 25 dan ortiq tarixiy Farmon va qarorlarning tutgan o‘rni alohida bo‘lmoqda.
Hurmatli vatandoshlar!
Hurmatli Prezidentimizning 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida xalqimiz taqdiri va yurtimiz kelajagi bilan bog‘liq o‘ta muhim masalalarga e’tibor qaratib, kechiktirib bo‘lmaydigan aniq vazifalarni belgilab berdi va bu vazifalar "Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili" deb e’lon qilingan 2026-yilda barchamizni ulug‘vor ishlarga yetaklashiga ishonamiz.
Shunday ekan, yangi yilda ham xalqimizning turmush darajasini yanada yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish, mahallalarni rivojlantirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga yordam ko‘rsatish, yoshlarni, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikni rivojlantirish kabi qator masalalar ustuvor vazifalarimizdan bo‘lib qoladi.
Sizlarni yana bir bor Yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrat va katta yutuqlar tilayman.
Yangi yil har bir xonadonga tinchlik-xotirjamlik, fayz-u baraka olib kelsin!
A.ORINBAEV,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi