Modulli intellektual hisoblash markazi loyihasi doirasida Xitoylik investorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi
.jpg)
Avval xabar berilganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumiy qiymati 3,5 milliard AQSH dollarlik “Modulli intellektual hisoblash markazini qurish bo‘yicha Harakatlar rejasi” imzolangan bo‘lib, mazkur loyiha ikki bosqichda amalga oshirilishi belgilangan. Ushbu hujjatda nazarda tutilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida loyiha doirasida navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi Farxod Ermanov Xitoy Xalq Respublikasining sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar va superkompyuter tizimlari yechimlariga ixtisoslashgan “Shanghai LinkWise Data Intelligence Co., Ltd.” kompaniyasi raisi Vang Suyxu boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
.jpg)
Uchrashuv davomida modulli intellektual hisoblash markazini barpo etish loyihasining texnik-iqtisodiy jihatlari, zamonaviy yuqori unumli hisoblash infratuzilmasini yaratish, shuningdek, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Tomonlar loyiha doirasida amalga oshiriladigan ishlar hamda investitsiya hajmi yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, uchrashuv yakunida loyiha doirasida belgilangan hududlarga chiqilib, qurilish uchun rejalashtirilgan maydonlarning holati o‘rganildi. Ularning infratuzilma ta’minoti, logistika imkoniyatlari va texnik talablar mavjudligi ko‘zdan kechirildi..jpg)
Loyihaning amalga oshirilishi doirasida markazni qurish, ishga tushirish va ekspluatatsiya bosqichlarida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi. Shu bilan birga, yuqori malakali IT-mutaxassislar, muhandislar va tadqiqotchilarni tayyorlash hamda jalb qilish, mintaqaviy ta’lim infratuzilmasini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratiladi.
Mazkur loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi ва umuman O‘zbekiston Respublikasi uchun Markaziy Osiyoda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, texnologik mustaqillikni oshirish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim tashabbuslardan biri hisoblanadi..jpg)
