Prokuratura organlari xodimlari kuni keng nishonlandi
Bugun Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida "O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi organlari xodimlari kuni" munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev so‘zga chiqib, kasb bayrami munosabati bilan soha fidoyilari va faxriylarini tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida xalqimizning tinchligi va farovon hayotini ta’minlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, jinoyatchilik va huquqbuzarlikka, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish, qonun ustuvorligini ta’minlashda alohida o‘ringa ega prokuratura organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Albatta, bunday chora-tadbirlar natijasida eng asosiy boyligimiz hisoblangan tinchlik va millatlararo totuvlikni asrash, fuqarolarning erkinligi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va boshqa xalq farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarda soha vakillari fidokorona mehnat qilmoqda.

Bugungi o‘tkazilgan tadbirda ana shunday yuqori fazilatli ishlar keng turda aytib o’tildi. Shuningdek, bir guruh soha vakillari va faxriylari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi qarori asosida faxriy unvonlar, ko‘krak nishonlari va "Faxriy yorliq" bilan taqdirlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyrug‘iga asosan bir guruh xodimlar maxsus unvonlar, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Tadbir davomida "Prokurorning bir kuni" sahna asari yig‘ilganlar nazariga havola etildi.





