Nukus shahrining kanalizatsiya tarmoqlarini yangilash orqali aholini qiynab kelgan muammo o‘z yechimini topadi
Bugun Nukus shahrining kanalizatsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga start berilishi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni xalqimiz hayotida muhim o‘rin tutadigan voqealardan biri bo‘lgan yangi loyihaning boshlanishi munosabati bilan tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida aholi kayfiyatiga bevosita ta’sir etuvchi infratuzilma obyektlarini barpo etish borasidagi chora-tadbirlar yangi bosqichlarga ko‘tarilmoqda.
Ana shunday ezgu ishlarning davomi sifatida hurmatli Prezidentimizning topshirig‘i bilan qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 486-sonli qarori asosida «Jahon banki»ning 78 mln. dollar mablag‘lari hisobidan Nukus shahri, Taxiatosh va Xo‘jayli tumanlarida 286 km kanalizatsiya tarmoqlari va obyektlarida qurilish ishlarini olib borish ko‘zda tutilgan.

Aytib o‘tish joizki, bundan qariyb 50-60 yil oldin qurilgan kanalizatsiya tarmoqlari eskirib, bugungi kun talabiga javob bermayotgani ko‘pchilikning kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelgan.
Bugun Nukus shahrining kanalizatsiyasini yangilash maqsadida boshlanayotgan loyiha doirasida 193,5 km kanalizatsiya tarmoqlari va 25 nasos stansiyasining qurilish ishlari boshlanmoqda. Ushbu loyiha yakuniga yetkazilishi bilan shahrimiz aholisining kanalizatsiya ta’minoti 27,6 foizdan 46 foizga yetkaziladi.

Shuningdek, kanalizatsiya tarmoqlaridan yig‘ilgan suvlarni qayta ishlash orqali texnik va xo‘jalik maqsadlarida foydalanish uchun yaroqli suvga aylantiriladi va aholining tomorqa yerlariga yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi.
Yaqin kunlar ichida Xo‘jayli va Taxiatosh tumanlarida ham ushbu qaror doirasida kanalizatsiya tarmoqlarini yangilash ishlari boshlanadi.
.jpg)

.jpg)

