Taxiatosh tumani kanalizatsiya tarmoqlarini yangilash ishlariga start berildi
Bugun Taxiatosh tumanining kanalizatsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga start berilishi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni xalqimiz hayotida muhim o‘rin tutadigan voqealardan biri bo‘lgan yangi loyihaning boshlanishi munosabati bilan tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida yurtimizning barcha hududlari qatori Taxiatosh tumanida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu qatorda, bundan qariyb 70 yil oldin qurilgan 90 barak uy buzilib, unda yashovchi fuqarolar yangi turar-joylarga ko‘chirildi. Bundan tashqari, joriy yilda barcha davlat dasturlari asosida 52 ta ijtimoiy va infratuzilma obyektlarida umumiy qiymati 316 mlrd. so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlarini olib borish belgilangan.


Mana shunday ezgu chora-tadbirlarning davomi sifatida hurmatli Prezidentimizning topshirig‘i bilan qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 486-sonli qarori asosida "Jahon bankining" 78 mln. dollar mablag‘lari hisobidan Nukus shahri, Taxiatosh va Xo‘jayli tumanlarida 286 km kanalizatsiya tarmoqlari va obyektlarida qurilish ishlarini olib borish ko‘zda tutilgan.
Bugun Taxiatosh tumani kanalizatsiya tizimini yangilash maqsadida boshlanayotgan loyiha doirasida 77,5 km kanalizatsiya tarmoqlari va 6 dona nasos stansiyasining qurilish ishlari olib borilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihaning to‘liq yakunlanishi natijasida tuman aholisining kanalizatsiya ta’minoti hozirgi 13 foizdan - 42 foizga yetkaziladi.
Shuningdek, kanalizatsiya tarmoqlaridan yig‘ilgan suvlar qayta ishlash orqali texnik va xo‘jalik maqsadlarida foydalanish uchun yaroqli suvga aylantiriladi va fuqarolarning tomorqa yerlariga yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi.



