Chiqindilarni qayta ishlash yo‘nalishida muhim yangi zavod qurilishiga tamal toshi qo‘yildi
Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga bo‘lgan alohida e’tibori natijasida bugun Nukus tumanida yangidan qurilishi arafasida turgan yana bir yirik zavodga tamal toshi qo‘yish marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda ekologiya sohasi faollari, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni maishiy chiqindilarni qayta ishlash yo‘nalishida muhim o‘rin tutadigan yangi zavod qurilishining tamal toshi qo‘yilishi munosabati bilan tabrikladi.

Ta’kidlanganidek, xitoylik investorlar tomonidan chiqindini yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishga qaratilgan, chiqindilarni qayta ishlash yo‘nalishida muhim loyihalardan biri bo‘lgan ushbu zavodni 80 mln. dollar mablag‘lar hisobidan ishga tushirish orqali yiliga 274 ming tonna qattiq maishiy chiqindilar qayta ishlanadi. Bundan tashqari, 80 ming Megavatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, shunday tadbirlar olib borilishi natijasida respublikamizda ilk bor chiqindilarni yig‘ish, zararsizlantirish, qayta ishlash va ularni utilizatsiya qilish yo‘nalishida maxsus ekosanoat zonasi tashkil etiladi.
Albatta, ekologik muhitni yaxshilash, maishiy chiqindilar va ishlab chiqarish chiqindilarining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish borasidagi bunday loyihalar xalqimiz farovonligi yo‘lida uzoq yillar davomida xizmat qiladi.

