Qoraqalpogʻistonda Yaponiya mehnat bozori uchun mutaxassis tayyorlaydigan markaz ishga tushiriladi
Yaponiyaning “Orange” kompaniyasi va Qoraqalpoq davlat universiteti oʻrtasida yapon tili va kasb-hunarga oʻqitish markazini tashkil etish boʻyicha memorandum imzolandi. Bu tashabbus Qoraqolpigʻiston yoshlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Joriy yilning 16–23-yanvar kunlari Yaponiyaning “Joho Venture Cooperative” va “Orange” kompaniyalari rahbarlarining Oʻzbekistonga tashrifi tashkil etildi. Tashrif doirasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rahbariyati bilan qator uchrashuvlar oʻtkazildi.
Muzokaralar yakunida “Orange” kompaniyasi va Qoraqalpoq davlat universiteti oʻrtasida yapon tili va kasb-hunarga oʻqitish markazini tashkil etish boʻyicha memorandum imzolandi. Mazkur markazda taʼlim jarayoni bepul asosda tashkil etilib, oʻqitishga Yaponiyadan malakali mutaxassis-oʻqituvchilar jalb qilinishi rejalashtirilgan.
