Hurmatli vatandoshlar!

Siz, azizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlarni va butun xalqimizni muborak Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan samimiy tabriklab, barcha ezgu tilaklarimizni bildiramiz.
Qalblarimiz quvonchga va ezgu tilaklarga to‘lgan ushbu baxtiyor damlarda avvalo shunday tabarruk kunlarga yetkazgani, Ramazon oyini tinchlik-osoyishtalikda, oilamiz, el-yurtimiz bilan hamjihatlikda kutib olayotganimiz uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytamiz.
Xalqimiz asrlar davomida buyuk diniy qadriyat, saxovat va himmat timsoli sifatida e’zozlab kelayotgan bu ulug‘ ayyom keyingi paytlarda ijtimoiy hayotimizda yanada mustahkam o‘rin egallab borayotgani, albatta, barchamizni quvontiradi.
Biz inson qadrini uning diniy sohadagi huquq va manfaatlari bilan o‘zaro bog‘liq holda ko‘ramiz. Shu bois, so‘nggi yillarda yurtimizda diniy qadriyatlarimizni tiklash, bebaho ilmiy-ma’rifiy merosimizni o‘rganish va targ‘ib etish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Jamiyatdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada yaxshilash, har bir insonning, avvalo, yoshlarning hayotda munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashishga qaratilgan insonparvarlik ruhidagi ishlarimizning ahamiyatini xalqimiz, albatta, yaxshi tushunadi va ularni amalga oshirishda faol ishtirok etadi, deb qat’iy ishonamiz.
Aziz yurtdoshlar!
Sizlarni, butun xalqimizni yurtimizda keng nishonlanayotgan muborak Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilaymiz.
Ona Vatanimiz tinch, hayotimiz farovon bo‘lsin!
Аmаnbаy Orinbаev
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi