Beruniy tumanini har tomonlama rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev rahbarligida Beruniy tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, davlat dasturlari doirasidagi belgilangan vazifalar, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar hamda avvalgi majlisda berilgan topshiriqlar ijrosiga bag‘ishlangan majlis o‘tkazildi.
Majlisda dastlab, aholining qo‘shimcha daromad olishiga ko‘maklashish, farovon turmushini ta’minlash yo‘nalishida hurmatli Prezidentimiz tomonidan yaratib berilgan imtiyozlar haqida keng tarzda so‘z yuritildi. Shuningdek, ishsiz fuqarolar, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar, yoshlar bandligini ta’minlash borasida berilgan imtiyozlar haqida ma’lumot berildi.

Bundan keyin oldingi majlis davrida belgilab berilgan topshiriqlarning bugungi kunda bajarilishi, mahallalarni obod qilish, davlat dasturlari doirasida loyihalarni amalga oshirish, yangi korxonalar faoliyatini tashkil etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, kambag‘allikni qisqartirish, fuqarolar turmush darajasini yaxshilash borasidagi vazifalar ijrosi masalalari tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, fuqarolarning qo‘shimcha daromad olishiga ko‘maklashish, yoshlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, korxonalar faoliyatiga yaqindan ko‘maklashish va boshqa topshiriqlarning ijrosi masalalari ham muhokama etildi.

Majlisda o‘z vazifasini bajarishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan ayrim mas’ullar lavozimidan ozod etildi. Bir guruh rahbar va mutasaddilarga intizomiy jazo qo‘llash, zarur bo‘lsa, lavozimiga loyiqligi masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.