Xo‘jayli tumani kanalizatsiya tarmoqlarini yangilash ishlariga start berildi
Bugun Xo‘jayli tumanining kanalizatsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga start berilishi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni xalqimiz hayotida muhim o‘rin tutadigan voqealardan biri bo‘lgan yangi loyihaning boshlanishi munosabati bilan tabrikladi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida yurtimizning barcha hududlari qatori Xo‘jayli tumanida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, bir qator ijtimoiy va infratuzilma obyektlari qurildi va ko‘plab ishlab chiqarish korxonalari ish boshladi. O‘tgan yillar davomida tumandagi termitdan zarar ko‘rgan 147 uyda yashayotgan fuqarolarni boshqa joylarga ko‘chirish uchun 33 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilib, fuqarolar yangi uylarga ko‘chirildi.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda birinchi marta Xo‘jayli tumanida zotdor qoramollardan embrion ishlab chiqarish laboratoriyasi ishga tushirildi. Ichki va davlat ahamiyatidagi yo‘llarni ta’mirlash uchun 50 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.
.jpg)
Mana shunday ezgu chora-tadbirlarning davomi sifatida hurmatli Prezidentimizning topshirig‘i bilan "Jahon bankining" 78 mln. dollar mablag‘lari hisobidan Nukus shahri, Taxiatosh va Xo‘jayli tumanlarida 286 km kanalizatsiya tarmoqlari va obyektlarida qurilish ishlarini olib borish ko‘zda tutilgan.
Bugun Xo‘jayli tumani kanalizatsiya tizimini yangilash maqsadida boshlanayotgan loyiha doirasida 8 mln. 370 ming dollar mablag‘ asosida 94 km kanalizatsiya tarmoqlari va 5 dona nasos stansiyasi qurilish ishlari olib borilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihaning to‘liq yakunlanishi natijasida tuman aholisining kanalizatsiya ta’minoti hozirgi 4,5 foizdan - 29 foizga yetkaziladi.
