Janubiy Koreya davlatida o‘tkazilgan seminar doirasida Qoraqalpog‘istonning investitsiyaviy salohiyati taqdim etildi

Yaqinda Janubiy Koreya davlatida Shimoli-Sharqiy Osiyo mamlakatlari mintaqaviy ma’muriyatlari uyushmasi (АРАССВА) ning navbatdagi seminari o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Qoraqalpog‘istondan ham vakillar ishtirok etdi.
Seminarda vakillarimiz tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilishi kutilayotgan investitsiya loyihalari va mintaqamiz salohiyati haqida keng turdama’lumot berildi.
Shuningdek, so‘nggi yillarda hurmatli Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga bo‘lgan e’tibori natijasida mintaqamiz uchun alohida qabul qilingan qaror va farmonlar, shu asosda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish borasida yaratilgan imkoniyatlar haqida keng tarzda so‘z yuritildi.
Bundan so‘ng Koreyaning Far East University vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilib, unda ushbu universitet va Qoraqalpoq davlat universiteti o‘rtasida oliy ta’lim yo‘nalishida hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrif davomida Kor Net global kompaniyasi bilan birgalikda koreyalik kompaniyalar ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazilib, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, qurilish, turizm yo‘nalishlarida hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishildi.



