Jo‘qorg‘i Kenges Raisi Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyalarini qurish masalalari bo‘yicha investorlar bilan uchrashdi
.jpg)
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev Saudiya Arabistonining "ACWA Power" kompaniyasining O‘zbekistondagi rahbari Jon Zaidi boshchiligidagi kompaniya vakillari bilan uchrashdi.
Unda dastlab, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi hurmatli Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni rivojlantirish va investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha alohida e’tibori haqida ta’kidlab o‘tdi.
Uchrashuvda "ACWA Power" kompaniyasi tomonidan shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha respublikamiz hududida amalga oshirilayotgan loyihalar, amalga oshirilishi belgilangan istiqbolli loyihalarni yanada ko‘paytirish, shuningdek, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Aytib o‘tish joizki, "Nukus-1" loyihasi doirasida quvvati 100 megavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi barpo etildi. Shuningdek, Beruniy tumanida "Nukus-2" loyihasi doirasida qiymati 260 mln. dollarlik 200 megavattlik shamol elektr stansiyasi va 100 megavattlik energiya saqlash tizimi qurilmoqda. Bundan tashqari, Qo‘ng‘irotda 2000 megavattlik shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan.
O‘tkazilgan uchrashuvda hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish, qurilish ishlari va stansiya ishlariga mahalliy fuqarolarni jalb qilish, buning uchun zarur kadrlarni tayyorlashda Qoraqalpog‘istondagi o‘quv yurtlari imkoniyatlaridan foydalanish kabi muhim masalalar haqida keng turda fikr almashilib, oldindagi rejalar belgilab olindi.
.jpg)
.jpg)

.jpg)

