Jo‘qorg‘i Kenges Raisi Amudaryo tumanida yoshlar bilan uchrashdi

Hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish maqsadida belgilangan payshanba - Yoshlar kuni doirasida navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv yoshlarning fikr va g‘oyalarini tinglash, ularning ijodiy va ijtimoiy loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda hayotiy va kasbiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan.
Mana shu ezgu tashabbus doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev Amudaryo tumanidagi ishsiz va otaliqqa olingan yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv oldidan, yoshlar uchun bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Bundan tashqari, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilgan sharoitlar, berilgan imkoniyatlar bo‘yicha taqdimot yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi.
Uchrashuvda Jo‘qorg‘i Kenges Raisi mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan Qoraqalpog‘istonlik yoshlarga qaratilayotgan yuqori e’tibor, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi va o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida alohida so‘z yuritdi. Shu bilan birga, bunday imkoniyatlardan o‘rinli foydalanib, yuqori natijalarga erishayotgan yoshlar soni ortib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Uchrashuv davomida yoshlar ham faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, muammo va takliflarini ochiq va erkin tarzda bildirdi. Unda ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, imtiyozli kreditlar olish, kasb-hunar o‘rganish va ta’lim sohasiga oid masalalar ko‘tarildi.
Har bir ko‘tarilgan masala Jo‘qorg‘i Kenges Raisining shaxsan nazoratiga olinib, soha mutasaddilariga tez orada ijobiy yechim toptirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
.jpg)
.jpg)
.jpg)
.jpg)


