Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining o‘ninchi sessiyasi to‘g‘risida axborot

Joriy yilning 6 aprel kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining o‘ninchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Hukumat a’zolari, Respublika soha rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari ishtirok etdi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat madhiyalari yangradi. Sessiyani Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev kirish so‘zi bilan ochdi va boshqarib bordi. Sessiya "Qoraqalpog‘iston" telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda yoritib borildi.
Kun tartibidagi dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasida barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarning borishini aholi orasida keng targ‘ib qilish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Unda Jo‘qorg‘i Kenges Raisi so‘nggi yillarda hurmatli Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga bo‘lgan alohida e’tibori bilan amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlariga to‘xtaldi.
Bundan so‘ng, kun tartibidagi masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesning qo‘mita raisi Sh.O‘temisov ma’ruza qildi va yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida keng turda ta’kidlab o‘tdi. Kun tartibidagi masala deputatlar tomonidan to‘liq ko‘rib chiqildi va qaror qabul qilindi.
Bundan so‘ng, kun tartibidagi fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, jinoyatchilikning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar haqida Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining axboroti to‘g‘risidagi masala bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori Sh.Aminov ma’ruza qildi. Bu masala ham deputatlar tomonidan batafsil ko‘rib chiqildi va qaror qabul qilindi.
Bundan so‘ng "Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida"gi Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qonuni va tegishli hukumat qarorlari talablarining bajarilishi yuzasidan Transport vazirligiga yuborilgan Parlament so‘rovi natijasi to‘g‘risidagi masala bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vaziri vazifasini vaqtincha bajaruvchi B.Seytmuratov so‘zga chiqdi. Kun tartibidagi navbatdagi masala ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Sessiyada 2025 yilda joylardagi norma ijodkorligi faoliyati hamda huquqni qo‘llash amaliyoti, huquqiy targ‘ibot va ma’rifatning holati to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirining axboroti to‘g‘risidagi masala bo‘yicha Adliya vaziri E.Tursunov ma’ruza qildi. Bu masala ham deputatlar tomonidan batafsil ko‘rib chiqildi va qaror qabul qilindi.
Kun tartibidagi keyingi masala, ya’ni, jismoniy va yuridik shaxslarning yer uchastkalaridan noqonuniy foydalanish hamda xodimlar o‘rtasida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ishlar bo‘yicha Kadastr agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasiga yuborilgan Parlament so‘rovi natijasi to‘g‘risidagi masala bo‘yicha Kadastr agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i I.Tleuov ma’ruza qildi. Masala batafsil ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Kun tartibida navbatdagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasining 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlari to‘g‘risidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasining hisoboti haqida masala bo‘yicha Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi raisi L.Seitova ma’ruza qildi. Bu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Bundan so‘ng Markaziy bank Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bosh boshqarmasining 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlari to‘g‘risida Markaziy bank Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bosh boshqarmasi boshlig‘i A.Isakov ma’ruza qildi. Masala batafsil ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Sessiya kun tartibida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi e’tirof etilayotgan fuqarolar ro‘yxatini sessiya qarori bilan tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasining maxsus Qonunini qo‘llab, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi e’tirof etilayotgan 1793 nafar fuqaroning ro‘yxati sessiya qarori bilan tasdiqlandi.
Sessiya majlisining kun tartibidagi keyingi masala Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumining tegishli qarorlarini tasdiqlash haqida bo‘lib, bu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi. Bundan so‘ng deputatlar tomonidan maxsus qaror qabul qilindi.
Shu bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining o‘ninchi sessiyasi o‘z ishini yakunladi.







