Bo'zotovlik nuroniy saytimiz orqali Prezidentimizga murojaat qilish istagini bildirdi
1317
Tahririyatimizga Bo'zotov tumani, “Qusxanatau” OFYda istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Tanatar Abdullaev qo'ng'iroq qilib, saytimiz orqali Prezidentimizga o'z murojaatini yo'llash istagini bildirdi. Unda quyidagi fikrlar o'z aksini topgan:
Muhtaram Prezidentimizning joriy yilning 20-21 avgust kunlari Qoraqalpog'istonga bo'lgan tashrifini barcha yurtdoshlarimiz qatorida Bo'zotov tumani aholisi ham katta xursandchilik bilan qarshi oldi. Mamlakatimiz rahbarining qoraqalpog'istonlik faollar bilan uchrashuvini televizorda katta hayajon bilan tomosha qilar ekanman, Muhtaram Prezidentimiz Bo'zotov tumanini qayta tashkil etish bo'yicha tashabbus bildirganlarida quvonchdan ko'zimga yosh kelib ketdi.
Mana shundan buyon Bo'zotov tumaniga yangi nafas kirib keldi, unda istiqomat qiluvchi har bir fuqaroning uyida katta to'y, katta bayram. Chunki, ularning ko'p yillardan buyon armon bo'lib kelayotgan istaklari ruyobga chiqmoqda. Eng muhimi, Bo'zotov o'ziga xos, chorvachilikga ixtisoslashtirilgan tumanga aylanmoqda. Tumanning qayta tashkil etilishi bo'zotovliklarga Mustaqilligimizning 28 yilligiga katta bayram sovg'asi bo'ldi.
Darhaqiqat, mazkur hudud aholisi shu kunga qadar Kegeyli tumaniga qatnab kelayotgandi. Oddiygina kommunal to'lovlar, oddiy ma'lumotnomalar, oddiy tadbirlar uchun ham 45 km masofani bosib, Kegeyli tumaniga borishga majbur edilar. Qolaversa, 2004 yili Bo'zotov tumani tugatilib, uning hududi Kegeyli va Chimboy tumanlariga o'tkazilishi sababli qator ish o'rinlari qisqartildi, davlatning ko'plab binolari bo'shab qoldi, aholi uchun qator noqulayliklar paydo bo'ldi.
Endilikda bu kabi muammolar o'z echimini topadi. Biz, Bo'zotov tumanida istiqomat qiladigan bir guruh nuroniylar, barcha Bo'zotov tumani aholisi nomidan xalqimizga qaratayotgan yuksak e’tibori va g'amxo'rligi uchun Muhtaram Prezidentimizga chuqur minnatdorchilik bildiramiz. Ilohim, xalqimiz baxtiga hamisha sog'-omon bo'lsin, deymiz.
Kelgusida Bo'zotov tumanining har tomonlama rivojlanishiga, istiqbolli tumanga aylanishiga ishonamiz.