Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining o‘n birinchi sessiyasi haqida axborot

Joriy yilning 20-aprel kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining o‘n birinchi sessiyasi o‘tkazildi. Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Hukumat a’zolari, Respublika soha rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari ishtirok etdi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat madhiyalari yangradi. Sessiyani Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev kirish so‘zi bilan ochdi va boshqarib bordi. Sessiya «Qoraqalpog‘iston» telekanali orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda yoritib borildi.
Kun tartibida dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qo‘mitasi tarkibiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Bu masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesning bo‘shab qolgan 37-sonli
«Xo‘jayli» saylov okrugiga Niyazov Islambek Maxsetovichning Jo‘qorg‘i Kenges deputati etib saylangani munosabati bilan Sanoat, qurilish, transport va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasining tarkibiga o‘zgartirishlar kiritilib, deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Kun tartibidagi keyingi masala Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Sanoat, qurilish, transport va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisini saylash to‘g‘risida bo‘lib, bu masala bo‘yicha deputat Niyazov Islambek Maxsetovichning nomzodi taklif etildi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan deputatlar tomonidan tegishli qaror qabul qilindi va I.Niyazov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Sanoat, qurilish, transport va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi etib saylandi.
Bundan so‘ng, kun tartibi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining hisoboti to‘g‘risidagi masala bo‘yicha Vazirlar Kengashi Raisining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari R.Zarikeev so‘zga chiqdi.
Bu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Kun tartibidagi keyingi masala O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 402-sonli qarorining hududlarda bajarilishi bo‘yicha Mahallalar uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘ining hisoboti to‘g‘risida bo‘lib, bu masala bo‘yicha Mahallalar uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i S.Turmanov so‘zga chiqdi.
Kun tartibidagi masala ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Sessiya kun tartibida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi e’tirof etilayotgan fuqarolar ro‘yxatini sessiya qarori bilan tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasining maxsus Qonunini qo‘llab, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi e’tirof etilayotgan 322 nafar fuqaroning ro‘yxati sessiya qarori bilan tasdiqlandi.
Sessiya majlisining kun tartibidagi keyingi masala Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumining tegishli qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risida bo‘lib, bu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi.
Bundan so‘ng deputatlar tomonidan maxsus qaror qabul qilindi.
Shu bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining o‘n birinchi sessiyasi o‘z ishini yakunladi.
.jpg)
.jpg)
.jpg)
.jpg)
