Qadrli o‘quvchilar, aziz maktab bitiruvchilari!

Avvalo, sizlarni bugungi maktabni bitirganingiz va katta hayotga qadam qo‘yayotganingiz bilan samimiy tabriklaymiz.
Sizlar uzoq kutgan sanada respublikamizning barcha joylarida "So‘ngi qo‘ng‘iroq" sadosi yangrab, bitiruvchi yoshlar qadrli maktablari, mehribon ustozlari bilan xayrlashmoqda. Bugungi sanada qanchadan-qancha yoshlarimiz oltin medal, kumush medal bilan maktabni a’lo baholarga bitiryapti.
Albatta, bularning barchasi nafaqat siz - yoshlar, balki ota-onalar, ustoz va murabbiylar uchun ham alohida e’tiborga molik voqeadir.
O‘tgan yillarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, sizlarning hayotingizda ulkan tarixiy o‘zgarishlar va yangilanishlar yuz berayotganini ko‘plab misollarda ko‘rishimiz mumkin.
Xususan, hurmatli Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan 213-sonli tarixiy farmon bilan qoraqalpog‘istonlik yoshlarga qaratilayotgan alohida e’tibor natijasida har yili qo‘shimcha kvotalar ajratilayotgani ko‘ngillarga alohida g‘urur-iftixor tuyg‘ularini bag‘ishlaydi.
Bundan tashqari, yurtimiz kelajagi bo‘lgan siz-yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar natijasida bitiruvchi yoshlarimiz orasidan muddatidan oldin oliy o‘quv yurtlariga kirish baxtiga erishayotgan yoshlar soni kun sayin ortib bormoqda. Ular bugun dunyoning mashhur oliy o‘quv yurtlari va yurtimizdagi filiallariga grant yutib olib, talaba bo‘lgan yoshlar hisoblanadi. Albatta, bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
Qadrli yoshlar!
Sizlarni maktab ta’limini muvaffaqiyatli yakunlaganingiz bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lishingizni tilab qolamiz.
Amanbay Orınbayev
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi