Qoraqalpog‘istonda chorvachilik sohasi vakillari uchun treninglar start oldi

Mamlakatimiz bo‘ylab chorvachilik sohasi vakillarining professional malakasini oshirishga qaratilgan tizimli o‘quv amaliyotlarining davomi sifatida 11–13-iyun kunlari Nukus shahrida hududning barcha tumanlaridan kelgan fermerlar va soha mutaxassislari uchun intensiv treninglar o‘tkazilmoqda.
Ushbu tashabbus Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi hamda Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) ishtirokidagi «Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish» loyihasi doirasida hayotga tatbiq etilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi soha vakillariga zamonaviy nazariy va amaliy bilimlarni yetkazish orqali tarmoqning barqaror rivojlanishini ta’minlashdir.
Mashg‘ulotlar davomida malakali ekspertlar va ilmiy xodimlar tomonidan ishtirokchilarga chorvachilikning eng muhim jihatlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berilmoqda. Xususan, o‘quv dasturidan quyidagi dolzarb mavzular o‘rin olgan:
- Qoraqalpog‘istonning o‘ziga xos tabiiy-iqlim sharoitida chorva mollarini to‘g‘ri parvarishlash;
- go‘sht va sut yo‘nalishidagi qoramollarni ilmiy asoslangan holda oziqlantirish;
- kasalliklar profilaktikasi va veterinariya gigiyenasi qoidalari;
- sog‘ishning zamonaviy usullari va sifat nazorati;
- hayvonlarga birinchi yordam ko‘rsatish ko‘nikmalari.
Mazkur o‘quv kurslari faqat nazariy ma’ruzalar bilan cheklanib qolmay, balki amaliy mashg‘ulotlar bilan uzviy bog‘langan holda olib borilmoqda.