Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi II Xalqaro O‘zbekiston-Koreya energetika forumi doirasida muhim kelishuvlarni imzoladi

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi hamda Janubiy Koreyaning yetakchi energetika tuzilmalari hamkorligida tashkil etilgan II Xalqaro O‘zbekiston-Koreya energetika forumi (Energy Value Networks Forum) yakunlandi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi I.Niyazov rahbarligidagi Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Ikki kunlik nufuzli tadbir doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi delegatsiyasi tomonidan hududda yashil iqtisodiyot va yuqori texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan shuningdek, hududni yashil energetika va innovatsiyalar markaziga aylantirish borasida muhim kelishuvlarga erishildi.
Janubiy Koreyaning ilg‘or kompaniya va institutlari bilan tuzilgan ushbu kelishuvlar Qoraqalpog‘istonning ijtimoiy infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashda yangi bosqichni boshlab beradi.
Jumladan, Koreya iqlim o‘zgarishi instituti bilan erishilgan kelishuv doirasida ijtimoiy obyektlarni quyosh panellari bilan ta’minlash, «ForEMDX» tashkiloti bilan energetika tizimiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va aqlli boshqaruv tizimlarini (Smart Grid) yo‘lga qo‘yish, «GoodByeCar» tashkiloti bilan Qoraqalpog‘istonda elektromobillar (EV) batareyalarini xavfsiz utilizatsiya qilish, ularni ikkilamchi energiya saqlash tizimlari (ESS) sifatida qayta ishlash infratuzilmasini yaratish nazarda tutilmoqda.

.jpg)

.jpg)