Jo‘qorg‘i Kenges Raisi Shumanay tumanida yoshlar bilan uchrashdi

Hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish maqsadida belgilangan payshanba - Yoshlar kuni doirasida uchrashuvlar o‘tkazilib kelinmoqda. Ushbu uchrashuvlar yoshlarning fikr va g‘oyalarini tinglash, ularning ijodiy va ijtimoiy loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning hayotiy va kasbiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan.
Mana shu ezgu tashabbus doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orınbaev Shumanay tumanidagi bir qator ishsiz va otaliqqa olingan va faol yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv oldidan, yoshlar uchun bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Bundan tashqari, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilgan sharoitlar, berilgan imkoniyatlar bo‘yicha taqdimot yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi.
Uchrashuvda Jo‘qorg‘i Kenges Raisi yurtimizda hurmatli Prezidentimiz tomonidan Qoraqalpog‘istonlik yoshlarga qaratilayotgan yuqori e’tibor, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi va o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida alohida so‘z yuritdi. Shu bilan birga, bunday imkoniyatlardan o‘rinli foydalanib, yuqori natijalarga erishayotgan yoshlar soni ortib borayotgani alohida mamnuniyat bilan tilga olindi.
Uchrashuv davomida yoshlar ham faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, muammo va takliflarini ochiq va erkin tarzda bildirdi. Unda ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, imtiyozli kreditlar olish, kasb-hunar o‘rganish va ta’lim sohasiga oid masalalar ko‘tarildi.
Har bir ko‘tarilgan masala Jo‘qorg‘i Kenges Raisining shaxsiy nazoratiga olinib, soha mutasaddilariga tez orada ijobiy yechim topish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

.jpg)
.jpg)
.jpg)

.jpg)
.jpg)
