Yiliga yarim tonnadan ortiq oltin ishlab chiqarish zavodi ish boshladi

Hurmatli Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga bo‘lgan alohida e’tibori natijasida mintaqamizning investitsion jozibadorligini oshirish va tadbirkorlar uchun imkoniyatlar yaratish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.
Ana shunday yaratilgan imkoniyatlar natijasida yurtimizda ilk bor tadbirkorlar tomonidan zamonaviy texnologiyalar usulida oltin ishlab chiqarish zavodi ishga tushirildi.
Yangi zavodning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orınbaev so‘zga chiqib, yurtimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shadigan yangi quvvat ishga tushirilishi munosabati bilan yig‘ilganlarni tabrikladi.
Ta’kidlash joizki, Xitoy davlatining «Dji An Tai International» kompaniyasi tomonidan umumiy 33 million dollar mablag‘lar hisobidan ishga tushirilgan yangi zavodda sof oltin ishlab chiqarish jarayoni to‘rtta 9 ta probaga (Au 999,9) yetkazilgani tarixiy voqealardan biri bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ushbu obyekt to‘liq quvvatda ishga tushgach, sutkasiga 1000 tonna rudani qayta ishlash orqali yiliga yarim tonnadan ziyod oltin ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi va 250 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Albatta, bugun ishga tushirilayotgan yangi quvvat xalqimizning farovon hayotini ta’minlashga xizmat qilishi bilan birga, mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada mustahkamlashda alohida o‘rin tutadi.