Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining o‘n uchinchi sessiyasi to‘g‘risida axborot

Joriy yilning 17-avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining o‘n uchinchi sessiyasi o‘tkazildi. Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Hukumat a’zolari, Respublika soha rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari ishtirok etdi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat madhiyalari yangradi. Sessiyani Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev kirish so‘zi bilan ochdi va boshqarib bordi.
Sessiya «Qoraqalpog‘iston» telekanali orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda yoritib borildi.
Sessiya kun tartibida dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasining kelgusi yillardagi rivojlanishini belgilab beradigan eng muhim hujjat - Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlash joizki, kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash borasida 2030-yilga qadar ishsizlikni 3,0 foizdan pasaytirish uchun sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi loyihalari barcha mahallalarda ishga tushiriladi.
Ta’lim tizimi va kadrlar salohiyati masalalarida bolalarni bog‘chalarga qamrab olish darajasini 86 foizga yetkazish, jumladan, Nukus shahri, Nukus, Beruniy va Qo‘ng‘irot tumanlarida bu ko‘rsatkichni 100 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
Maktablarda ta’lim sifatini oshirish maqsadida 80 ta maktabda qurilish-rekonstruksiya ishlarini olib borish, maktab bitiruvchilarini oliy ta’limga qamrab olishni 60 foizgacha oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Ijtimoiy infratuzilma va kommunal xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida har yili 4 mingdan ortiq kvartirali uy-joylar barpo etish, shuningdek, eng muhimi, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasini hozirgi 75 foizdan 86 yarim foizga yetkazish belgilab olinmoqda. Elektr va gaz ta’minotida barqarorlikka erishish uchun 411 ta transformator punkti hamda 3 yarim ming kilometr elektr tarmoqlarini yangidan qurish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlari olib boriladi.
Ekologik barqarorlikni ta’minlash borasida Orolbo‘yi hududida yashil himoya zonalarini 2 yarim million gektarga yetkazish, zaharli chang-to‘zonlarni 30 foizga kamaytirish orqali xalqimiz salomatligini yanada mustahkamlash ko‘zda tutilmoqda.
Kun tartibidagi dastlabki masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori o‘rinbosari - Tohirjon Safarov so‘zga chiqdi.
Kun tartibidagi masala to‘liq ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan ma’qullanib, qaror qabul qilindi.
Kun tartibidagi keyingi masala Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Mahalliy hokimiyatning vakillik va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda davlat organlarining ochiqligini ta’minlash masalalari qo‘mitasi tomonidan qilinayotgan ishlar haqida axborot to‘g‘risida bo‘lib, Bu masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesning qo‘mita raisi Sh.Otemisov so‘zga chiqdi.
Bu masala ham batafsil ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Kun tartibidagi keyingi masala O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan dasturda belgilangan vazifalarning Qoraqalpog‘iston Respublikasida bajarilishi bo‘yicha Vazirlar Kengashining hisoboti to‘g‘risida bo‘lib, bu masala bo‘yicha Vazirlar Kengashi Raisining yaylovlardan samarali foydalanishni tashkil etish, chorva ozuqa bazasini mustahkamlash va chorvachilikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari F.Nurmuhammadov so‘zga chiqdi.
Bu masala ham batafsil ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan qaror qabul qilindi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Sanoat, qurilish, transport va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan qilinayotgan ishlari haqida axborot to‘g‘risida bo‘lib, bu masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesning qo‘mita raisi I.Niyazov so‘zga chiqdi.
Bu masala ham deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilindi.
Sessiya kun tartibida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi e’tirof etilayotgan fuqarolar ro‘yxatini sessiya qarori bilan tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasining maxsus Qonunini qo‘llab, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi e’tirof etilayotgan 6429 nafar fuqaroning ro‘yxati sessiya qarori bilan tasdiqlandi.
Sessiya majlisining kun tartibidagi keyingi masala Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumining tegishli qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risida bo‘lib, bu masala ham to‘liq ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan maxsus qaror qabul qilindi.
Shu bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining o‘n uchinchi sessiyasi o‘z ishini yakunladi.






