Qo‘ng‘irot tumanida Yangi O‘zbekiston ko‘chasi foydalanishga topshirildi

Bugungi kunda yurtimizda ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlar va keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari mustaqilligimiz yaratib bergan imkoniyatlar, inson qadri uchun degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijasidir.
Ana shunday ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgan hududlardan biri, Qo‘ng‘irot tumanida mustaqillik bayrami arafasida «Yangi O‘zbekiston» ko‘chasi foydalanishga topshirildi.
Tantanali ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orınbaev bayram munosabati va yangilangan avtomobil yo‘li foydalanishga topshirilishi bilan yig‘ilganlarni tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda tuman hududida barcha davlat dasturlari doirasida 208 mlrd. so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Amalga oshirilayotgan ishlar qatorida hurmatli Prezidentimizning maxsus qarori asosida 33 mlrd. so‘mlik mablag‘lar hisobidan Yangi O‘zbekiston ko‘chasining rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilishi tuman xalqi uchun haqiqiy bayram sovg‘asi bo‘ldi.
Avtomobil yo‘li 7 metrdan 16 metrga kengaytirilib, asfaltobeton qoplama yotqizildi. 4,1 km piyodalar va velosiped yo‘laklari qurildi. Ajratuvchi to‘siqlar, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Piyodalar va avtomobillar uchun barcha qulayliklar yaratilib, fayzli maskanlardan biriga aylantirildi.
Albatta, bunday ezgu ishlar tuman hududida, butun respublikamiz bo‘ylab bundan buyon ham davom ettiriladi.
.jpg)

.jpg)