Jo‘qorg‘i Kenges Raisi Amanbay Orınbayevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

Assalomu alaykum, Aziz Vatandoshlar!
Eng avvalo, Sizlarni va Sizlar orqali gullab-yashnagan xalqimizni yurtimiz tarixidagi qutlug‘ sana, eng ulug‘ va eng aziz ayyom — Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi nomidan samimiy tabriklab, yurtimizning yanada ravnaq topishi va xalqimizning farovon hayoti yo‘lidagi barcha ezgu ishlaringizda ulkan zafarlar tilashga ijozat bergaysiz!
Qadrli do‘stlar!
Faxr bilan aytishimiz kerak, yurtimizning o‘ziga xos taraqqiyotiga keng yo‘l ochib bergan, erkin va farovon hayotimizning timsoli bo‘lgan Mustaqillik — bizning eng katta bebaho boyligimiz, milliy g‘ururimiz va yorug‘ kelajagimizning ishonchli kafolatidir.
Shuning uchun ham, bu qutlug‘ sana xalqimizni yangidan-yangi yutuqlarga yetaklovchi va ulug‘ bunyodkorlik ishlariga ruhlantiruvchi bayram sifatida har yili butun elimiz davomida keng tarzda va katta quvonch bilan nishonlanadi.
Muhimi, bu yilgi bayram tadbirlari Muhtaram Prezidentimizning maxsus qarori asosida «Bir Vatan, bir xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak quramiz!» degan chuqur ma’noli g‘oya ostida o‘tkazilishi ko‘p millatli xalqimizni — ona Vatanimizni yanada rivojlantirish yo‘lida birlashtirib, barchamizni ezgu ishlarga ruhlantirmoqda.
Albatta, o‘ttiz besh yil — tarix uchun qisqa davr bo‘lishi mumkin. Biroq, Yangi O‘zbekistonimizda yashayotgan har bir inson uchun o‘zligimizni anglash, milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash, asrlarga tatigulik taraqqiyot va yangilanishlar davri bo‘ldi, desak yanglishmaymiz.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda yuz bergan tarixiy voqealarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, hurmatli Prezidentimizning tashabbusi hamda Prezident Administratsiyasi Rahbarining qo‘llab-quvvatlashi bilan milliy merosimizning sara namunalari Qo‘biz yasash, jirovchilik san’ati hamda Qora uy UNESCO ro‘yxatiga olinganini, poytaxtimizda qad rostlagan dunyodagi eng katta Qora uy «Ginnesning rekordlar kitobi»ga kiritilgani, shu yerda «Orolbo‘yi — nafaqat ekologik hudud, balki, ulkan madaniyat markazi» degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan «Orol madaniyati sammiti»ning o‘tkazilishini ko‘p millatli xalqimiz katta quvonch va g‘urur bilan kutib oldi.
Albatta, bu muhtaram Prezidentimizning boy madaniy merosimizga bo‘lgan yuksak e’tibori va g‘amxo‘rligining amaliy ifodasidir.
Mana shunday xalqimiz hayotida juda muhim bo‘lgan katta yangiliklar haqida so‘z yuritganda, 367 mln. dollarlik «Nukus-1» va «Nukus-2» shamol elektr stansiyalarining ishga tushirilgani, bu yerda 300 megavattli shamol turbinalari va 100 megavattli elektr energiyasini saqlash batareyalari o‘rnatilgani, shuningdek, mamlakatimizni Yevropa davlatlari bilan bog‘lovchi, 323 mln. dollarlik «Qo‘ng‘irot-Beyneu» avtomobil yo‘lining 240 kilometr qismi foydalanishga topshirilgani, «Amudaryo» daryosi ustidan o‘tuvchi, 379 mlrd. so‘mlik zamonaviy ko‘prik qurilgani, Orol dengizi tubida 2 mln. gektar maydonda cho‘lga chidamli o‘simliklar ekilib, «Yashil qoplamalar» yaratilgani, Taxtako‘pirda barpo etilgan «Qorateran» turistik majmuasi va milliyligimizni o‘zida aks ettirgan «Etno qishloq» xalqimizning fayzli dam olish maskanlariga aylangani, Nukusdan — Mo‘ynoq, Olmaota, Oqtov yo‘nalishlarida avia-qatnovlarning, «Nukus – Mang‘istov» yo‘nalishida poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgani — bularning barchasi yurtimizning yangi tarixiga oltin harflar bilan yozilayotgan quvonchli voqealardan sanaladi.
Aziz yurtdoshlar!
So‘nggi yillarda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar yangi-yangi yutuqlarga mustahkam poydevor bo‘lmoqda.
Birgina iqtisodiy ko‘rsatkichlar misolida aytadigan bo‘lsak, 2016 yilda yalpi hududiy mahsulot 8 yarim trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil boshida bu ko‘rsatkich 6,3 barobarga o‘sib, 54 trillion so‘mdan oshdi. Bunda tadbirkorlarning ulushi 66 foizga yetdi.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari soni 26 yarim mingtaga yetib, 2 yarim barobarga ko‘paygani, xorijiy investitsiyalar 500 barobarga o‘sib, joriy yil boshiga 2 yarim mlrd. dollarga yetgani, eksportyor korxonalar soni 4 barobarga ko‘payib, 250 taga yetgani va eksport hajmi o‘rtacha hisobda 8 barobarga o‘sgani, xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 4 barobarga ko‘payib, 251 taga yetgani — bularning barchasi iqtisodiyotimizning jadal sur’atlar bilan rivojlanayotganini isbotlaydi.
Shuningdek, yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim o‘rin tutadigan sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 2016 yildagi 4 yarim trln. so‘mdan 29 trln. so‘mga yetganini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz.
Shular bilan bir qatorda, so‘nggi yillarda Hurmatli Prezidentimiz rahbarligida hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar, barcha joylarda, hatto eng chekka mahallalarda ham amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yoshlarimizni, xotin-qizlarimizni va nuroniylarimizni qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy ishlar xalqimizning farovon hayotini ta’minlashda g‘oyat muhim o‘rin tutmoqda.
Albatta, bunda o‘tgan 10 yil ichida hurmatli Prezidentimizning faqat Qoraqalpog‘iston uchun qabul qilingan 80 dan ortiq Farmon va qarorlari hududda ilgari bo‘lmagan ezgu ishlarga mustahkam asos bo‘lmoqda.
Xususan, fuqarolarimizni bir necha yillardan buyon qiynab kelayotgan muammolar o‘z yechimini topib, noqonuniy qurilgan 39 138 ta uy-joyning kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berildi.
Shuningdek, yordamga muhtoj fuqarolarning 21 mingdan ortiq xonadonlarida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilayotgani, pensiya va nafaqa oluvchilar, nogironligi bo‘lgan fuqarolar temir yo‘l va avia chiptalardan 2 barobar arzonlashtirilgan narxda foydalanayotgani, bundan tashqari, o‘tgan 4 yil ichida Qoraqalpog‘istonlik 37 mingga yaqin yoshlarning qo‘shimcha kvotalar asosida talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lgani, joriy yilda ham qo‘shimcha kvotalar ajratilishi nazarda tutilayotgani, bularning barchasi «Inson qadri uchun» degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan va ming-minglab fuqarolarimizning quvonchiga sabab bo‘layotgan ezgu ishlardan sanaladi.
Qadrli vatandoshlar!
Mana shunday ezgu ishlar qatorida, tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar va yaratilgan keng imkoniyatlar natijasida Qoraqalpog‘istonda ilgari bo‘lmagan qurilish materiallari, to‘qimachilik, farmatsevtika, elektrotexnika, terini qayta ishlash va oziq-ovqat sanoati kabi yangi tarmoqlar paydo bo‘lib, ko‘plab zavod, fabrika va korxonalar ishga tushirildi.
Ayrimlarini aytib o‘tadigan bo‘lsak, poytaxtimiz Nukus shahrida 50 mln. dollarlik bazalt mineralidan issiqlik saqlovchi materiallar ishlab chiqarish korxonasi ishga tushdi, 48 yarim mln. dollarlik ip-kalava ishlab chiqarish korxonasi ish boshladi, 23,5 mln. dollarlik issiqlik radiatorlari ishlab chiqarish zavodi ochildi, 15 mln. dollarlik gazoblok tayyorlash korxonasi ishga tushdi, Qoraqalpog‘istonda birinchi marta Amerikaning nufuzli kompaniyasi «Ramada by Wyndham» brendi ostida 10 mln. dollarlik 5 yulduzli mehmonxonaning faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, xorijiy investorlar bilan birgalikda 8 mln. dollarlik poyabzal va charm mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. E’tiborlisi, ushbu korxona Italiyaning dunyoga mashhur «Ferrari» brendi ostidagi avtomobillarga charm mahsulotlari yetkazib bermoqda.
Shu bilan bir qatorda, To‘rtko‘l tumanida 7 mln. dollarlik, yiliga 4 yarim mln dona shisha idishlarga gul bosish korxonasi ishga tushdi, «Dunyo Medstroy» jamiyati tomonidan 4 mln. dollarlik 3 qavatli tibbiyot klinikasi tashkil etildi.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda, yurtimizda ilk bor xitoylik investorlar bilan birgalikda yiliga yarim tonnadan ziyod oltin ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani, Beruniyda 300 mlrd. so‘mlik savdo majmuasi tashkil etilib, 250 dan ortiq ish o‘rinlari yaratilgani, Kegeyli va Nukus tumanlarida 16 mln. dollarlik, yiliga 280 ming bosh naslli tovuqlarni yetishtirishga mo‘ljallangan parrandachilik fabrikalarining ochilgani, Chimboy, Qorao‘zak, Taxtako‘pir, Beruniy va Ellikqal’a tumanlarida tayyor tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlar yaratilgani, Mo‘ynoq va Qo‘ng‘irotda yiliga 20 ming tonna ekstra hamda 3 ming tonna tabletka shaklidagi tuz ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani, Qorao‘zakda 12 mln. dollarlik ohak ishlab chiqarish korxonasi ishga tushgani, Taxtako‘pirda 10 mln. dollarlik chorvachilik, jun va sutni qayta ishlash korxonalari ish boshlagani, Kegeylida 4 mln. dollarlik qizilmiya ildizi chiqindisidan «DVP» mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasi ochilgani, «Chimboy un», «Qipchoq», «Xojeli un», «Qiyat», «Qanlikol unlari» brendlari ostida un zavodlari ishga tushirilgani, bularning barchasi Mustaqilligimizning qanchalik yaratuvchi kuchga ega ekanini yana bir bor isbotlab, tadbirkorlarimizning shunday qulay imkoniyatlardan samarali foydalanayotganini ko‘rsatadi.
Aziz do‘stlar!
Muhimi, bunday ezgu ishlar yana davom ettiriladi va yaqin yillar ichida ko‘plab yangi korxona va zavodlar ishga tushiriladi.
Misollar bilan aytadigan bo‘lsak, birgina sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yo‘nalishida 5 mlrd. 110 mln. dollarlik 3 ta Mayning va DATA markazlari quriladi. Jumladan, Taxiatosh tumanida xitoylik investorlar ishtirokida 3 yarim mlrd. dollarlik DATA markazining 1-bosqichi yaqin kunlarda ishga tushadi.
Shuningdek, Qo‘ng‘irotda 3,2 ming megavattlik 3 mlrd. 300 mln. dollarlik Gigant shamol elektr stansiyalari qurilmoqda, Tebinbuloq konida yiliga 58 mln. tonna temir rudasini qazib olish maqsadida 2 mlrd. dollarlik zavod qurilishi davom etmoqda, poytaxtimizda 78 mln. dollar mablag‘ hisobidan zamonaviy 5 yulduzli mehmonxona, Kongress-holl va 22 qavatli turar joy barpo etilmoqda, qolaversa, qiymati 40 mln. dollarlik Sanoat Texnoparki tashkil etilib, bu yerda tadbirkorlar uchun tayyor binolar qurib beriladi.
Shu bilan birga Nukus shahrida 120 mln. dollarlik «KIA» avtomobil zavodi uchun 6 xil detallar ishlab chiqarish korxonasi ish boshlaydi, «Do‘stlik» kanali bo‘yida «Seul Mun» namunasi asosida 100 mln. dollarlik dam olish maskani, savdo markazi tashkil etiladi, Ashshiko‘l bo‘yida 20 mln. dollarlik turar joy majmuasi, zamonaviy mehmonxona va dam olish maskani qad rostlaydi, 82 yarim mlrd. so‘m mablag‘ hisobidan logistika markazi quriladi, 3 mln. dollarlik dori-darmon ishlab chiqarish korxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, Beruniy tumanida 3 mln. dollarlik yiliga 36 ming tonna chorva va baliqchilik uchun omuxta yem ishlab chiqaruvchi Agrokompleks ish boshlaydi, xitoylik investorlar bilan birga 5 mln. dollarlik gazoblok ishlab chiqarish korxonasi ishga tushiriladi, 10 mln. dollarlik meva-sabzavotni qayta ishlash quvvatlari yaratiladi.
Shular bilan bir qatorda Nukus tumanida 15 mln. dollarlik misdan trubka va kabellar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, Taxtako‘pir va Kegeyli tumanlarida umumiy qiymati 40 mln. dollarlik ip-kalava ishlab chiqarish fabrikalari ochiladi, Xo‘jalida 35 mln. dollarlik shisha idishlar ishlab chiqarish korxonasi faoliyati qayta tiklanadi, Qo‘ng‘irotda xitoylik investorlar tomonidan 30 mln. dollarlik shamol turbinalari ishlab chiqarish zavodi quriladi, Ellikqal’a va Amudaryo tumanlarida 37 yarim million dollarlik 2 ta zamonaviy savdo markazi ishga tushiriladi.
Yurtimiz iqtisodiyotini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadigan bunday loyihalarni har bir tuman misolida ko‘plab keltirishimiz mumkin.
Hurmatli Vatandoshlar!
Albatta, yurtimizning gullab-yashnashi va xalqimizning farovon hayotini bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarisiz tasavvur qila olmaymiz.
Joylarda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar natijasida so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston ulkan qurilish maydoniga aylanib bormoqda.
Birgina misol, 2016 yilda shahar va tumanlarda umumiy qurilish ishlari hajmi 1 trln. 172 mlrd. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil boshida bu ko‘rsatkich 8 yarim barobarga o‘sib, qariyb 10 trillion so‘mga yetganligini alohida ta’kidlab o‘tamiz.
Ana shunday ezgu ishlar natijasida 435 ga yaqin yangi ko‘p qavatli uylar barpo etilib, 17 mingdan ziyod oilalar yangi turar joylarga ko‘chib o‘tgan bo‘lsa, 462 ta maktab, 295 ta davlat bolalar bog‘chasi, 94 ta sog‘liqni saqlash, 60 ta madaniyat va sport obyektlarida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilib, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun qulay sharoitlar yaratildi.
Shu bilan birga, 4,5 ming kilometrdan ziyod ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari qurilib, aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 51 foizdan 77 foizga yetkaziladi.
Jumladan, Nukus suv tozalash inshootida 87 mlrd. so‘mlik rekonstruksiya ishlari bajarilib, poytaxtimiz aholisi to‘liq toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lsa, Nukus tumanida 11 yarim mln. dollarlik 263 km ichimlik suv tarmoqlari tortilib, toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishi 68 foizdan 90 foizga yetkazildi.
Qolaversa, o‘tgan yillarda 700 ga yaqin transformator va 2400 kilometrdan ortiq elektr liniyalarini yangilash hisobiga 200 mingga yaqin xonadonlarda elektr energiyasining asossiz uzilishlari kamayishiga erishildi.
Shuningdek, 5 trln. so‘mdan ortiq mablag‘ hisobidan 5 ming 741 kilometr avtomobil yo‘llari asfaltlandi va 128 ta ko‘prikda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi.
So‘nggi yillarda qurilgan ijtimoiy soha obyektlari haqida gapiradigan bo‘lsak, bayram arafasida poytaxtimizdagi «Turon» stadionining foydalanishga topshirilgani — yoshlarimiz uchun haqiqiy bayram sovg‘asi bo‘ldi.
E’tiborlisi, 117 mlrd. so‘mlik mablag‘ hisobidan zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan ushbu binoda 200 o‘rinli yotoqxona, 3 ta sport zali, Futbol akademiyasi uchun o‘quv xonalari bo‘lib, futbolchilarimiz uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Shu bilan birga, 76 mlrd. so‘mlik Nukus davlat pedagogika instituti yangi binosining foydalanishga topshirilgani, 61 mlrd. so‘mlik Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab qurilgani, 17 qavatli Ay-Ti Park qad rostlagani, qolaversa, 79 mlrd. so‘mlik Gimnastika markazi va 13 mlrd. so‘mlik Kurash mahorati sport maktablarining foydalanishga topshirilgani, Bo‘zatovda 124 mlrd. so‘mlik zamonaviy sanatoriy ochilgani, 153 mlrd. so‘mlik ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasining ish boshlashi, 27 mlrd. so‘m mablag‘ hisobiga qurilgan Konservatoriyaning Nukus filialida barcha qulay sharoitlar yaratilgani, To‘rtko‘l va Amudaryoda 23 yarim mlrd. so‘mlik zamonaviy Amfiteatrlar qurib bitkazilgani, 61 mlrd. so‘m mablag‘ hisobidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi, 11 mlrd. so‘mlik Respublika Tez yordam markazi, shuningdek, Beruniy, Ellikqal’a, To‘rtko‘l va Amudaryo tumanlarida 45 mlrd. so‘mlik tug‘ruq komplekslarining foydalanishga topshirilgani, Bolalar milliy tibbiyot markazi, Orolbo‘yi klinikasi tashkil etilgani xalqimiz hayotidagi muhim voqealar sirasiga kiradi.
Mana shunday tadbirlar natijasida bolalarni bog‘chalarga qamrab olish darajasi 2016 yildagi 25 foizdan 84 foizga oshirildi, maktab bitiruvchilarining oliy o‘quv yurtlariga kirish ko‘rsatkichi 2016 yilgi 12 foizdan 55 foizga yetkazildi, maktablarda 3 smenali o‘qish to‘liq tugatildi, yangi 150 turdagi davolash amaliyotlari yo‘lga qo‘yilib, Qoraqalpog‘iston tibbiyoti tarixida ilk bor jigar va buyrak ko‘chirilishi, yurakda ochiq jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Qadrli do‘stlar!
So‘nggi yillarda barcha sohalar qatori qishloq va suv xo‘jaligi, chorvachilikni rivojlantirish borasida ham qator amaliy chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Xususan, 2017–2026 yillarda 11 yarim ming km kanal va kollektorlarda 1 trln. 139 mlrd. so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Yana bir muhim masala, dehqon va fermerlarimizning asosiy qo‘l-qanoti bo‘lgan 11 yarim mingga yaqin qishloq xo‘jaligi texnikasi va agregatlari olib kelindi. Jumladan, 160 ta paxta terish mashinasi va 110 ta g‘alla o‘rish kombayni olib kelingani — dehqonlarimizning baland xirmon yaratishida alohida o‘rin tutadi.
Chorvachilik sohasidagi yangiliklardan biri sifatida Markaziy Osiyoda ilk bor Xo‘jayli tumanida zotdor qoramollar embrionini ishlab chiqarish laboratoriyasi ishga tushirildi.
Hurmatli Vatandoshlar!
O‘zida yuksak maqsad va ezgu ishlarni mujassam etgan bu yilgi «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» ham quvonchli va unutilmas voqealarga boy bo‘lmoqda.
Mana shunday voqealar qatoriga Hurmatli Prezidentimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan Nukus shahridagi Markaziy qozonxonani kogeneratsiya texnologiyasiga o‘tkazish ishlari boshlab yuborilganini alohida ta’kidlab o‘tamiz.
Umumiy qiymati 83 mln. dollar bo‘lgan ushbu rekonstruksiya ishlarining 1-bosqichida poytaxtimizdagi 23 mingga yaqin aholi yashaydigan ko‘p qavatli uylar va 40 ta ijtimoiy obyektlar sifatli issiqlik bilan ta’minlanadi.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda bugungi kunda Amudaryo, Beruniy, Qorao‘zak, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlarida 145 mln. dollarlik ichimlik suv ta’minotini yaxshilash ishlari olib borilayotgani, Nukus shahri, Taxiatosh va Xo‘jayli tumanlarining 286 km kanalizatsiya tarmoqlarida 78 mln. dollarlik qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotgani, shuningdek, «Miskin – Nukus» tezyurar poyezdi liniyasini elektrlashtirish ishlari yakunlanish arafasida turgani, To‘rtko‘l, Beruniy va Ellikqal’a tumanlaridan o‘tuvchi A-380 avtomobil yo‘lining 92 km oralig‘ida 303 mln. dollarlik rekonstruksiya ishlari boshlangani, «Yangi O‘zbekiston» qiyofasidagi 2 tuman va 32 mahallada, og‘ir toifadagi 4 tuman va 102 mahallaning infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 403 obyektda umumiy 730 mlrd. so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotgani — ezgu ishlardan sanaladi.
Qolaversa, so‘nggi yillari Nukus shahrida jamoat transporti xizmatini rivojlantirish maqsadida chet ellardan 78 mlrd. so‘mlik 68 dona zamonaviy avtobuslar olib kelingan bo‘lsa, joriy yil yakuniga qadar qo‘shimcha 160 dan ortiq avtobuslar olib kelinishi rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, bugungi kunda Birlashgan Arab Amirliklarining «Shayx Xalifa» fondi tomonidan qiymati 28 mln. dollarlik «Ona va bola» klinikasi qurilishi yakunlanmoqda, qariyb 45 mlrd. so‘mlik mablag‘ hisobidan Respublika Onkologiya tibbiyot markazining binosi yangidan qad rostlamoqda.
Bundan tashqari, Xo‘jayli tumanida xitoylik investorlar bilan hamkorlikda qiymati 400 mln. dollarlik «Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi»ni tashkil etish ishlari boshlanmoqda.
Albatta, xalqimizning yorug‘ kelajagi bilan bog‘liq bunday yangiliklar haqida uzoq gapirishimiz mumkin.
Aziz yurtdoshlar!
Bu yilgi bayram tadbirlarini ko‘p millatli xalqimiz har qachongidan ham yuksak darajada kutib olmoqda.
Ayniqsa, bayram munosabati bilan shahar va tumanlarda, shuningdek, barcha mahallalarda «Mustaqillik to‘ylari» festivallari ko‘tarinki ruhda o‘tkazilgani, qolaversa, bayram arafasida ijtimoiy himoyaga muhtoj 101 yosh oilaga Prezident sovg‘asi — yangi uy-joylar topshirilgani, bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj 186 oilaning turar joyida «Yashil ta’mirlash» dasturi asosida qariyb 11 mlrd. so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgani, 92 ta ijtimoiy soha va infratuzilma obyektlari ochilgani, bir qator zamondoshlarimiz davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgani — bayramga yanada ko‘tarinki ruh va xalqimizga yuqori kayfiyat bag‘ishlamoqda.
Hurmatli vatandoshlar!
Albatta, tinchlik va osoyishtalikda yashayotgan Mustaqil yurtimizga doimo mana shunday bayramlar yarashadi.
Shunday ekan, barchangizni yana bir bor Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan samimiy tabriklab, Sizlarga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga omonlik, yurtimiz ravnaqi yo‘lidagi ezgu ishlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Amanbay Orınbaev
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi