Prezidentimiz tomonidan berilgan mukofotlar o‘z egalariga topshirildi

Yaqinda hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurgan edi. Qoraqalpog‘istonga tashrifi doirasida “Coals KS” korxonasi faoliyati bilan tanishish jarayonida Anvar Shukurovni izlanuvchanlik va tashabbuskorlik fazilatlari bilan keng tarmoqli tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, ko‘plab muhim investitsiya loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirib kelayotgani uchun “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ixtirochi va ratsionalizator” faxriy unvoni bilan taqdirlash haqida topshiriq berdi.
Shuningdek, Nukus tumani “Diyqan arna” mahallasida asalarichilik bilan shug‘ullanib kelayotgan Jubayev Baxtiyorning xonadonida bo‘ldi va mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilgan keng imkoniyatlardan samarali foydalanib, o‘zining izlanuvchanligi va ishbilarmonligi bilan yurtimizda asalarichilikni rivojlantirish, jamiyatda o‘zaro hamjihatlik va mehr-oqibat muhitini mustahkamlashdagi xizmatlarini e’tirof etdi hamda mehnatkash tadbirkorni “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlash bo‘yicha topshiriq berdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orınbaev hurmatli Prezidentimizning maxsus farmonlari asosida Shukurov Anvar Ismatovichga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ixtirochi va ratsionalizator” faxriy unvonini, Jubayev Baxtiyar Taylakovichga “Do‘stlik” ordenini topshirdi.
Unda yig‘ilganlar ushbu berilgan mukofotlar hurmatli Prezidentimizning xalqimizga bo‘lgan alohida e’tibori va g‘amxo‘rligining yana bir ifodasi ekanini ta’kidlab, davlatimiz rahbariga cheksiz minnatdorligini bildirdi.

