Xo‘jayli tumanida Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi qurilish ishlari boshlandi

Hurmatli Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga bo‘lgan tashrifi davomida Qoraqalpog‘istonda 47 ta yangi loyihaga start berilgan edi. Bugun Xo‘jayli tumanida ushbu loyihalardan biri, ya’ni Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi qurilish ishlari boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orınbaev so‘zga chiqib, yangi loyiha boshlanishi munosabati bilan yig‘ilganlarni tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, Nukus shahridan 8 kilometr, Xo‘jayli tumani markazidan 5 kilometr uzoqlikda joylashgan mazkur loyihaning umumiy maydoni 152 gektarni tashkil etib, bu yerda nafaqat uy-joylar, balki zamonaviy shaharcha barpo etish rejalashtirilgan.
Xususan, bolalar bog‘chasi, maktab, shifoxona, savdo obyektlari, mehmonxona, sport majmuasi va dam olish zonalari barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Shaharchada jami 221 ta ko‘p qavatli uy qurilib, natijada 47 mingdan ziyod aholini shinam uy-joy bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi.
Bugungi tadbirda ushbu ulkan loyihaning birinchi bosqichiga start berilib, unda xitoylik investorlar tomonidan 7 qavatli 38 ta uy, 3 ta savdo majmuasi, shuningdek, beton mahsulotlari va boshqa ishlab chiqarish korxonalari qurilishi rejalashtirilgan.
Albatta, bu yangi loyiha samarali amalga oshirilib, xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qiladi.






.jpg)
