“O‘zbekiston - yagona Vatan!” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 28-sentyabr kuni Toshkent shahridan yo‘lga chiqqan «Do‘stlik poyezdi» respublikamizda yashayotgan turli millat vakillarini Qoraqalpog‘iston Respublikasiga jamladi.
Shu munosabat bilan 29-sentyabr kuni Nukus shahridagi “Oqqush” majmuasida “O‘zbekiston - yagona Vatan!” shiori ostida yurtimizdagi barcha millat va elat vakillarining o‘zaro tengligi, hamjihatligi hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasini e’tirof etishga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orınbaev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni tadbirning ochilishi munosabati bilan tabrikladi.
Konferensiyada Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Vatandoshlar” jamoat fondi, xorijiy davlatlarning millatlararo munosabatlar bo‘yicha maxsus tashkilotlari va boshqa tashkilotlar mutasaddilari, shuningdek, milliy madaniy markazlar faollari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Asosiy maqsadi jamiyatimizda millatlararo totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash, turli millat vakillarini yagona Vatan tuyg‘usi atrofida birlashtirish, ularning mamlakatimiz ijtimoiy va madaniy hayotida faol ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘lib, davlatimizning asosiy boyligi ko‘p millatli xalqimiz va tinchligimiz ekani alohida ta’kidlandi.
Konferensiyada millati, tili va madaniyatidan qat’i nazar, har bir insonning mamlakatimiz taraqqiyotiga daxldorligini kuchaytirish, o‘zaro hurmat va tenglik tamoyillarini qaror toptirish, madaniy xilma-xillikni asrab-avaylash masalalariga e’tibor qaratildi.
Albatta, “O‘zbekiston - yagona Vatan!” g‘oyasi asosida o‘tkazilgan ushbu konferensiya Vatanga sadoqat tuyg‘usini mustahkamlash, tinchlik va totuvlikni qadrlash, mamlakat taraqqiyoti yo‘lida hamjihatlikni kuchaytirishga xizmat qildi.

.jpg)


.jpg)

.jpg)

.jpg)