«Aral» klubini taqdirlash marosimi 1-noyabr kuni o‘tkaziladi

Superliga yo‘llanmasi va bir vaqtning o‘zida Proliga g‘olibligini qo‘lga kiritgan «Aral» futbol klubiga kubokni topshirish marosimi 1-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Proliganing navbatdagi 24-turida «Aral» jamoamiz G‘uzorda «Sho‘rtan»ning mehmoni bo‘ladi. 25-turda esa «Aral» «G‘azalkent» futbol klubini uyda qabul qiladi.
1-noyabr kungi bellashuv 18:00 da start olishi rejalashtirilgan.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, «Aral» 25-yildan keyin O‘zbekistonning eng yuqori ligasiga qaytmoqda. Albatta, bu respublikamiz aholisi va futbol muxlislari uchun quvonchli voqea bo‘ldi.
Jamoamizning «G‘azalkent» bilan o‘yini yakshanba - dam olish kuniga to‘g‘ri kelayotgani Qoraqalpog‘istonlik futbol muxlislariga uzoq kutilgan Superliga yo‘llanmasini keng turda nishonlash uchun imkoniyat.
Ayni paytda g‘azalkentliklar pley-off yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettirayotganidan kelib chiqsak, bellashuvning o‘zi ham qiziqarli o‘tishiga shubha yo‘q.
Barcha futbol muxlislarini 1-noyabr kuni Turon stadionida jamoamizni qo‘llab-quvvatlashga, Proliga kubogini topshirish marosimini va Superliga yo‘llanmasini keng nishonlashga chaqirib qolamiz.